MAKROIQTISODIYoT MUAMMOSI: KAMBAG‘ALLIK YoKI PANDEMIYa?
- 9.07.2020 17:17
- 362

Oxirgi 20 yillikda insonlarning yashash standartlari sezilarli darajada ortdi. Qashshoq mamlakatlarda YaIMning kishi boshiga to‘g‘ri kelishi 2 barobarga ko‘paydi. 1995 yildan buyon bolalar o‘limi ikki hissa kamayib, maktabga qatnovchilar soni 56 foizdan 80 foizga o‘zgardi. Shunday bo‘lsada, 700 mln. odam past daromad bilan qolmoqda. Har yili 5 yoshga to‘lmagan 5 mln. bolalar vafot etmoqda va ularning aksariyatiga sifatsiz tibbiy xizmatlar ko‘rsatilgan. Qolaversa, dunyo bolalarining yarmi maktablarni o‘qish va sanashni bilmasdan bitirib ketmoqda[1].
E’tibor berish kerak, har yili 5 mln. bolalar vafot etmoqda. Hozirgi pandemiyada zararlanganlarning soni 12 mln.ga yetdi. Shu o‘rinda, tabiiy savol tug‘iladi, qaysi ko‘rsatkich makroiqtisodiy muvozanatni ko‘proq izdan chiqarmoqda?
Bizningcha, inqirozning bu kabi tus olishi birinchi navbatda – iqtisodiy harakatsizlikning vujudga kelishi bilan bog‘liq. Bu esa, insonlarning daromadlar olishidan butunlay yoki qisman mahrum bo‘lishi holatlarini yuzaga kelishiga ta’sir ko‘rsatdi. Natijada, insonlarning jamg‘armalariga bo‘lgan murojaatni vujudga keltirdi.
Biz mazkur tadqiqotimiz davomida kambag‘allik kategoriyasini inqiroz davridagi tendensiyasini tahlil qilishga va xulosalar shakllantirishga harakat qilamiz. Ushbu maqsadga erishish uchun quyidagi tadqiqot savollariga javob topish muhim hisoblanadi, deb o‘ylaymiz.
- Kambag‘allikni o‘lchashning qanday iqtisodiy mezonlari mavjud?
- Inqiroz davrida kambag‘allik qanday muammolarni keltirib chiqarmoqda?
- O‘zbekistonda kambag‘allikni bartaraf etishda qanday choralar qo‘llash maqsadga muvofiq?
Kambag‘allik kategoriyasiga nisbatan O‘zbekistonda davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 24 yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi bizda ham kam ta’minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu o‘rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda”, deb ta’kidlab o‘tdilar.
- Adabiyotlar sharhi.
A) Xalqaro va mahalliy olimlar qarashlari
Umuman olganda, kambag‘allikni mezonlari ikkita yondashuv orqali amalga oshirilgan. Birinchisi, olimlar tomonidan asoslangan nazariy jihatlar, ikkinchisi xalqaro moliya institutlari tomonidan daromadlarni tabaqalashtirish orqali aiiqliklar kiritilgan.
Rus olimlaridan B.Popkin[2] va boshq. Rossiya uchun kambag‘allik chegarasini shakllantirishga e’tibor qaratishgan. Bunda iste’mol savatchasini inobatga olgan holda kam daromadli oila daromadining 75 foizi oziq-ovqat uchun sarflanishini tavsiya etilgan. Natijada, narxlarga nisbatan oila daromadi (1/0,75=) 1,33 barobarga ko‘p bo‘lishi tavsiya etiladi. Bu esa o‘z navbatida, mamlakat uchun kambag‘allik chegarasini aks ettirishini ta’kidlab o‘tishadi.
I.Sidorchuk quyidagi mezonlardan foydalangan holda kambag‘allikni aniqlashni taklif etadi[3]: yashash joyining bo‘lishi, to‘laqonli ovqatlanish va ichimlik suviga egalik, minimal ta’lim olish imkoniyati va sog‘liqni saqlash imkoniyati. I.Sazanov[4] kambag‘allikni absolyut va nisbiy darajalarda bo‘ladi, deb hisoblaydi. Shuningdek, u kambag‘allik kategoriyasi dastlab XIX asrning oxirlari XX asrning boshlanishida ingliz sotsiologlari S.Rountri va Ch.Buta tomonidan fanga olib qirilganligiga e’tibor qaratadi. Ushbu olimlar yashash minimumi – kambag‘allik/daromad chegarasini fanga olib kirishadi. Ekspertlar ushbu holatda oziq-ovqat, kiyimlar va yashash sharoiti bo‘lishini mezonlar sifatida ta’kidlashadi. Ushbu mezonlarga javob bera olmaslik esa, absolyut kambag‘allikni anglatishini qayd etib o‘tadi.
Bizningcha, yuqorida keltirilgan ilmiy xulosalarda kambag‘allikni aniqlashga qaratilgan yondashuvlar keltirildi. Ularda asosiy e’tibor hayot darajasini belgilab beruvchi omillar – yashash sharoiti, ovqatlanish va kiyim bilan ta’minlanganlik kabi jihatlarga qaratildi. Bu esa, ushbu tovar va xizmatlarni sotib olish uchun minimal daromad darajasini belgilashning zaruratini keltirib chiqaradi.
Xorijiy olimlardan pokistonlik Majid va Malik (2015) tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotda kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi omillar sirasiga savodxonlik darajasini ham kiritadi[5]. Bunda oila xo‘jaligining kambag‘allikka tushib qolishiga oila boshlig‘ining tajribasi, yoshi, jinsi va bandligi kabi omillar ta’sir qilishini keltirib o‘tadi. Shuningdek, oila boshlig‘i sifatida ayol kishi bo‘lishi kambag‘allikni keltirib chiqarishga ko‘proq ta’sir qiladi, degan g‘oyani ilgari suradi. Sababi, ayollarni ta’lim olishga va daromad topishdagi imkoniyatlari yuqori emasligi bilan izohlanadi. Tadqiqotlar asosida birinchidan, ta’lim olganlik darajasi bilan kambag‘allik teskari proporsional ekanligi, ikkinchidan, qishloq joylarda pul o‘tkazmalariga ega bo‘lganlar kambag‘allikka kamroq tushishayotganligi, uchinchidan shaharlashib borish kambag‘allikni pasaytirishini va qishloq hududi esa, oshishiga olib kelishini qayd etib o‘tadi. O‘z navbatida, tajriba, yosh va qishloq xo‘jaligida band bo‘lish kambag‘allikni keltirib chiqarmasligini asoslab beradi.
AQShda monetar siyosatning samarali amalga oshirilishi asoschilaridan biri M.Fridmen[6] daromadlarning notengligi omillari statistik taqsimotni aniq ko‘rsatmasligini ta’kidlaydi. Uning fikriga ko‘ra, iste’mol jihatidan daromadlarning taqsimoti ularni yuzaga keltiruvchi sabablarga bog‘liq va u buni asoslab beradi. Daromadlarning notengligiga sabablardan biri insonlarning qobiliyati teng taqsimlanmaganligi sababli ushbu tendensiya yuzaga kelganligini ta’kidlagan olimlardan – biri Stakle[7] hisoblanadi. Shu o‘rinda, Fordning muhim bir iborasini eslash lozim. “Eng zo‘r ish – bu yuqori haq to‘lanadigan xobbi” deb ta’kidlab o‘tganligi inson qobiliyatini to‘g‘ri yo‘naltirilishi lozimligi va savodxonlikni shu yo‘nalishda rivojlantirish kerakligini o‘zida aks ettiradi.
J.Minser inson kapitaliga investitsiyalar va daromadlarning tengsizligi omillarini aniqlagan va ularni baholagan[8]. Insonlar daromadining notengligi inson kapitaliga qilingan investitsiyalarga bog‘liq ekanligi va investitsiya jarayoni erkin tanlovga asoslanishini qayd etib o‘tadi. Uning fikriga ko‘ra, katta maosh ko‘p o‘rganishni talab etadi. Shu boisdan, kasblararo farq ularni o‘rganishdagi farqlar bilan izohlanadi va o‘rganish muddatlaridagi o‘zaro absolyut farq yillik daromaddagi foizli farqlarni keltirib chiqaradi. Bir kasbning bir necha egalari daromadlari o‘rtasidagi farq inson kapitali tajribasiga qilingan investitsiya muddatining uzaytirilganligi bilan bog‘liq. Umuman olganda, ta’lim, yosh va kasb kabi omillar insonlar daromadlarini tabaqalanishida asosiy ekanligi asoslab beriladi.
Rindermann, Seyler va Tompsonlar o‘zlarining tadqiqotlarida ijtimoiy taraqqiyotning omillariga e’tibor qaratib, unda aql va bilimga asoslangan omilni alohida tadqiq etishadi[9]. Ularning xulosasiga ko‘ra, xalqning (IQ, intelligence quotient – intellekt darajasi) intellekt darajasi koeffitsiyenti bir punktga oshishi YaIMning kishi boshiga 229 AQSh dollarga, eng yuqori intellekt egalarining 5 foizi doirasida esa 468 AQSh dollarga ortishini asoslab berganlar.
Peng va boshqalar o‘zlarining tadqiqotlarida kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi omillarni tahlil etib chiqishadi[10]. Ular kambag‘allik ehtimolini keltirib chiqaruvchi omillar qatorida quyidagilarni sanab o‘tiladi: qarilik, ayol kishi bo‘lish, turmush o‘rtog‘i bo‘lmasligi, bir ota yoki bir ona bo‘lgan oilada katta bo‘lish, ishsizlik, davlat uyida ijarada turish, past savodxonlik va sog‘liq darajasiga ega bo‘lish. Shuningdek, oilada nogiron yoki surunkali kasallikka ega bo‘lgan odamning bo‘lishi. Ta’kidlash lozim, oliy ta’lim olganlik kambag‘allik va minimal qashshoqlikdan saqlanishga yordam bermoqda.
Fikrimizcha, kambag‘allikni aniqlashga yordam beradigan omil sifatida daromadlarning shakllanishiga e’tibor qaratish muhim hisoblanadi. O‘z navbatida, daromadni shakllanishiga asos bo‘lib xizmat qiluvchi sabablar va omillarni rivojlantirish muhim hisoblanadi. Bu esa, kambag‘allikni bartaraf etishda asosiy rol o‘ynaydi: jumladan, ta’lim tizimini va insonlarni qiziqishi doirasida kasbga yo‘naltirishni rivojlantirish.
B) Xalqaro tashkilotlarning kambag‘allik kategoriyasiga yondashuvi va mezonlari
Tadqiqotlarimiz davomida kambag‘allikka nisbatan xalqaro tashkilotlar tomonidan yondashuvlarni ko‘rib chiqamiz. Jahon banki tomonidan kambag‘allikni aniqlash bo‘yicha kunlik daromadning hajmiga nisbatan mezon sifatida milliy daromadning kishi boshiga to‘g‘ri kelishi hajmi quyidagicha belgilangan:
- - xalqaro kambag‘allik chizig‘i 1,9 AQSh dollari;
- - o‘rtacha daromaddan past (2020 yil uchun kishi boshiga YaIM 1026-3995 AQSh dollar) bo‘lgan mamlakat uchun 3,2 AQSh dollari;
- - o‘rtacha daromaddan yuqori (2020 yil uchun kishi boshiga YaIM 3995-12375 AQSh dollar) bo‘lgan mamlakat uchun 5,5 AQSh dollari.
Mazkur mezon 2013 yilda e’lon qilingan bo‘lib, o‘sha davrda 1,25 AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2015 yilga kelib 1,9 AQSh dollariga ko‘tarilgan. O‘z navbatida, mazkur ko‘rsatkichlar mos ravishda 2005 va 2011 yillardagi bazis narxlar bilan kishi boshiga daromad hisoblanishi orqali tadbiq etiladi. 2017 yildan boshlab esa, qo‘shimcha ravishda keyingi ikkita ko‘rsatkich ham kiritilgan. Kambag‘allikning xalqaro me’yori minimal iste’molni nazarda tutadi va u keyingi ikkita mezon bilan almashtirilmaydi. Ushbu ko‘rsatkich o‘ta kambag‘allikni aks ettiradi. O‘zbekiston o‘rtacha daromaddan past daromadga ega bo‘lganligi uchun 3,2 AQSh dollari tavsiya etiladi.
Jahon banki tomonidan 2013 yilda e’lon qilingan kambag‘allikka qarshi kurash loyihasining maqsadi birinchidan, 2030 yilga borib kambag‘al qatlamni dunyo aholisining 3 foizdan kam bo‘lishiga erishish, ikkinchidan, har bir mamlakat aholisining juda kambag‘al qatlami daromadlarini oshirishdan iborat. Umuman olganda, 2030 yilga borib jahondagi kambag‘allik omili bilan yashaydiganlarning 90 foizi Afrika mamlakatlariga to‘g‘ri kelishini ta’kidlash lozim.
2015 yilda BMTning 70-Assambleyasida 2030 yilgacha “Barqaror rivojlanish”ning 17 maqsadlari qabul qilindi. Ushbu maqsadlarning birinchisi – “Kambag‘allikni yo‘qotish (No Poverty)” deb nomlangan bo‘lib, dunyo mamlakatlarini ushbu omilga qarshi ommaviy kurashga chaqirgan. Ushbu maqsadlardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 841-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror ilovasining 1-bandida “1-maqsad. Barcha joylarda aholining kam ta’minlanganlik darajasini pasaytirish” deb nomlangan. Ushbu bandning vazifalari sifatida belgilangan 7-yo‘nalishda asosiy e’tibor ijtimoiy himoyaga va gender tengligini ta’minlash hamda mikrokreditlash amaliyotlaridan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Fikrimizcha, ushbu qarorda keltirilgan vazifalarning bir qator yo‘nalishida ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan, ayniqsa oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kengaytirish bo‘yicha ustuvorliklar keltirilmagan. Bu esa, jahon olimlari tomonidan asoslangan ilmiy xulosalarni inobatga olinmaganligini anglatadi. Sababi, daromadlar tengsizligini keltirib chiqaruvchi kam sonli omillarning asosiysi – bu ta’lim ekanligi ta’kidlab o‘tilgan.
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD, 2020) tomonidan kambag‘allik darajasiga nisbatan mezonlar tavsiya etilgan. Jumladan, kambag‘allik darajasi – bu ma’lum yoshdagi aholi guruhi daromadlarini uy xo‘jaliklari o‘rtacha daromadining yarmidan kam bo‘lgan chegaradan past bo‘lishi bilan izohlanadi. Shuningdek, kambag‘allik oralig‘i kategoriyasini ham kiritishadi va bu– kambag‘al qatlamning o‘rtacha daromadi kambag‘allik darajasi mezonidan pastga tushib ketadi. Ushbu kategoriya kambag‘allikni miqyosini aniqlashga yordam beradi. Ushbu ko‘rsatkich yosh doirasida aniqlanishi amalga oshiriladi. Ya’ni 18-65 va 65 yoshdan kattalar.
Shu bilan birga, mazkur tashkilot (OECD, 2020) daromadlar tengsizligini baholashda Jini koeffitsiyenti, detsil nisbati kabilardan foydalanishni tavsiya etib o‘tadi.
- Tahlil va natijalar muhokamasi.
A) Xorijiy tajriba va tendensiyalar
Rossiyaga g‘arb tomonidan joriy etilgan sanksiyalar va oxirgi besh yilda neft narxining tushib borishi sababli aholining real daromadlari va iste’mol narxlari indeksi oshdi. Davlatning strategik maqsadlariga ko‘ra, 2024 yilga borib kambag‘allik darajasini 12 foizga tushirish rejalashtirilgan. Umuman olganda, joriy davrda 21 mln. yoki 14,3 foiz aholi kambag‘allik chegarasidan pastda istiqomat qilmoqda[11].
A.Karbonel va I.Prag[12] tomonidan Rossiyadagi kambag‘allik miqyosini tahlil qilib o‘rganib chiqishadi. Unga ko‘ra, 1997-1998 yillarda kam daromadlilik hayotdan qoniqishga nisbatan katta ekanligini aniqlab berishadi. Boshqacha aytganda, insonlar daromadlari kambag‘allik chegarasida bo‘lsada, hayotlaridan qoniqish hosil qilish kayfiyati mavjud ekanligi aniqlangan va baholangan.
1-rasm. O‘zbekiston yirik savdo hamkor davlatlari (Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston)da kambag‘al aholi ulushi, jamida foizda
Manba: Jahon banki
Shu bilan birga, Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, 2000 yilda kambag‘al aholi ulushi Rossiyada 25 foizdan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, 13 foiz atrofiga tushgan. Qozog‘istonda esa, ushbu raqam 45 foizdan 2,5 foizga qadar o‘zgarganligi yoki Xitoyda 2018 yilda 1,7 foizga teng bo‘lganligi muhim ahamiyat kasb etadi (1-rasmga qarang).
Shu o‘rinda ta’kidlash lozim, PISA (Programme for International Student Assessment) sinov tizimi – 15 yoshdagilarning savodxonlik darajasi – 2015 yil natijalarida Xitoy o‘qish savodxonligida – 27 o‘rin, matematika savodxonligi – 6 o‘rin va tabiiy fanlar savodxonligi – 10 o‘rinda qayd etilgan. 2018 yilda kelib esa, barcha savodxonlik kategoriyalar bo‘yicha 1 o‘rinda qayd etildi. Bu esa, mamlakatda kambag‘allik muammosini bartaraf etishda eng asosiy omil bo‘lib xizmat qildi, desak xato bo‘lmaydi.
Rossiya tajribaisda esa, ushbu savodxonlik reytingi ko‘rsatkichlarida mos ravishda o‘rtacha 2015 yilda 28 o‘rin bo‘lgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 2-3 o‘ringa pastlaganini ko‘rish mumkin. Ushbu trend Jahon banki ma’lumotlarida ham kambag‘allik miqyosini sezillarli pasayishi kuzatilmaganligi o‘zaro uyg‘unlikni aks ettirib beradi.
Fikrimizcha, kambag‘allikka qarshi kurashda ularni tizimlashtirilgan holda amalga oshirishni demografik nuqtai nazardan guruhlarga ajratgan holda tahlil etilishi muhim hisoblanadi. Bu esa, kambag‘allik statistikasini yanada aniqlashtirishni taqozo etadi.
B) O‘zbekistondagi tendensiyalar va pandemiyaning ta’siri
Endi tadqiqotimizda e’tiborni 2020 yildagi pandemiya natijasidagi iqtisodiy xarakatsizlik inqirozi davrida jahon iqtisodiyoti mamlakatlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaratamiz.
2020 yil jahon iqtisodiyotida yana bir global inqiroz yuz bergan voqeilik sifatida tarixga kirdi. Ushbu inqirozning asosiy jihati xarakatsizlikdir. Ushbu omilning yuzaga kelishi aholining, ayniqsa kam daromadli qatlamning ehtiyojlarini qondirishda muammolarni jadallashtirdi.
Ushbu iqtisodiy murakkablik sharoitida yalpi talabning pasayib ketishi insonlarning iste’mol xarajatlari emas, balki jamg‘arma hajmlari bilan bevosita bog‘liqligini ham inobatga olish zaruratini ko‘rsatib berdi. Bu esa, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, insonlar daromadlarining barcha bosqichlarini mustahkamlash dolzarb ekanligida o‘z ifodasini topdi.
Jumladan, O‘zbekistondagi axborot portallari Kun.uz va Gazeta.uz tarmoqlari orqali amalga oshirilgan so‘rovnomalar natijalari ham mamlakatimizda aholi daromadlarida jamg‘armalarning yuqori emasligini ko‘rsatib berdi.
Gazeta.uz 2020 yil 2 aprelda o‘tkazgan so‘rovnomada 337000 dan ortiq aholi qatnashgan bo‘lib, ularning 36 foizi “jamg‘armam yo‘q”, 28 foizi “1-2 haftagacha yetadi”, deb javob bergan. Shuningdek, 3-6 oyga yetadi, deb javob bergan aholi 4 foiz atrofida bo‘lgan. Shu bilan birga, Kun.uz portali orqali 2020 yil 14 aprel kuni amalga oshirilgan so‘rovnomada 576000 dan ortiq odam ishtirok etgan. E’tiborli jihati, undagi natijalar ham boshqa portal orqali o‘tkazilgan so‘rovnomadagi natijalar keskin farq qilmagan. Xususan, ishtirokchilarning 35 foizi “jamg‘armam yo‘q”, 7 foizi esa, 3 oygacha jamg‘armalar yetadi, deb javob bergan.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda aholi daromadlarining ¼ qismi 10 foiz[13] aholi qo‘lida to‘planganligi ham daromadlar tengligini ta’minlashning zaruratini keltirib chiqaradi.
Fikrimizcha, aholi asosiy qatlamining daromadlari vaqtinchalik uzilishga uchragan davrda jamg‘arma kategoriyasi muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlash lozim. Bu esa, davlatning zimmasiga katta moliyaviy yukni keltirib chiqarishi mumkin. O‘z navbatida, byudjetdan aholining iste’molini ta’minlashni amalga oshirish byudjet defitsitini oshirishi mumkin.
1-jadval
O‘zbekiston aholi daromadlarining tarkibi, foizda
| Ko‘rsatkichlar | 2013 | 2014 | 2015 | 2016 | 2017 | 2018 |
| Umumiy daromadlar –jami | 100,0 | 100,0 | 100,0 | 100,0 | 100,0 | 100,0 |
| shu jumladan, |
|
|
|
|
|
|
1. | Birlamchi daromadlar | 73,0 | 75,6 | 83,1 | 84,0 | 79,1 | 76,1 |
| Shundan |
|
|
|
|
|
|
1.1. | Ishlab chiqarishdan olingan daromadlar | 70,3 | 73,2 | 80,8 | 80,9 | 75,8 | 73,0 |
1.2. | Mol-mulkdan olingan daromadlar | 2,8 | 2,4 | 2,3 | 3,1 | 3,4 | 3,1 |
2. | Transfertlardan daromadlar | 27,0 | 24,4 | 16,9 | 16,0 | 20,9 | 23,9 |
Manba: O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari
Aholi daromadlarining ¼ qismi transfertlarga to‘g‘ri kelayotganligini ko‘rish mumkin (1-jadvalga qarang). Bundan esa, o‘zbekistonliklarning daromadlari tarkibida migrantlar daromadiga bog‘liqlik sezilarli ahamiyatga ega ekanligini ko‘rish mumkin. O‘z navbatida, mazkur holat xorijiy davlatlardagi iqtisodiy holatga bog‘liqlikni oshirishini ko‘rsatadi. Pandemiyaning jahonning barcha mamlakatlariga tarqaganini inobatga olsak, o‘zbekistonlik mehnat migrantlari daromadining pasayishi bizdagi daromadlarning pasayishiga ta’sir qilishi tabiiy. 1-jadvalga e’tibor bersak, mol-mulkdan olinadigan daromadning ulushi 3 foiz atrofida bo‘lmoqda. Ushbu holatning ham mavjudligi daromadlarning diversifikatsiya qilinmaganligini anglatadi.
Xulosa qilib aytganda, pandemiya sharoitida daromadlarning pasayishi va jamg‘armalarning uzoq muddatga yetmaslik ehtimoli davlat tomonidan qo‘shimcha mablag‘larni safarbar etishni taqozo etadi. Bu esa, byudjet daromadlari qisqargan sharoitda qarz mablag‘larini jalb etishga zaruratni keltirib chiqaradi.
Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5969-sonli Farmonining qabul qilinishi muhim ahamiyagga ega bo‘ldi. Unga ko‘ra, hukumat tomonidan xalqaro moliya institutlaridan 1 mlrd. AQSh dollari miqdorida tashqi qarz jalb etilishi belgilab berildi.
Agar 5 mln. kishi atrofidagi kambag‘al qatlam mavjudligini inobatga olsak, ularning har birining oilasiga o‘rtacha (5 kishi deb tasavur qilsak) 100 AQSh dollaridan taqdim etilganda 100 mln. AQSh dollari kerak bo‘ladi. Bu esa, kishi boshiga 20 AQSh dolaridan bo‘lsa, yana 10 kunlik iste’molni ta’minlashi mumkin (agar 1,9 dollarga nisbatan olsak) bo‘ladi.
Qayd etish lozim, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 apreldagi 232 sonli qarori bilan byudjet xarajatlarining 6 trln. so‘m mablag‘ maqbullashtirilishi nazarda tutildi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib aytganda, O‘zbekistonda aholiga pul tarqatilishi ehtimoli pastligini va bu amalga oshirilganda ham natija bermasligini anglatmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng kambag‘allikka qarshi choralar natija bermaganligi pandemiya oqibatlarini yanada murakkablashishiga olib kelmoqda. Boshqacha aytganda, iqtisodiy xarakatsizlik davrida aholining kamida 2 oyga yetadigan jamg‘armalarga ega bo‘lishi vaziyatni hozirgidek chuqurlashtirmagan bo‘lar edi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda kishi boshiga to‘g‘ri keluvchi YaIM hajmi o‘rtacha 1500 AQSh dollari atrofida ekanligini hisobga olsak, bu kuniga o‘rtacha (1500/365 kun) 4,1 AQSh dollariga teng bo‘lmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonda 2020 yilda YaIMning o‘sishi XVF tomonidan 1,6 foiz bo‘lishini prognoz qildi. Mazkur raqamlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, mamlakatimizda Jini koeffitsiyentini barqarorlashtirish zarurligini ko‘rsatib beradi.
Kambag‘allikka qarshi kurash natijalari natijasi
2019 yilda iqtisodiyot sohasida Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan A.Banerji, E.Dyuflo va M.Kramer tomonidan davlatlar va xalqaro tashkilotlar amalga oshirayotgan islohotlarning nechog‘liq natija berayotganligini ko‘rsatib berildi. Nafaqat O‘zbekiston, balki jahon mamlakatlarida amalga oshirilgan kambag‘allikka qarshi kurash natijalari tahlili, bu boradagi tadbirlarni tubdan o‘zgartirish zaruratini isbotlab berdi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, birinchi omil – maktab ta’limida ikki omil o‘quvchilarning qiziqishi va o‘qituvchilar bilan ma’lum muddatli shartnomalar muhim ekanligi isbotlandi.
O‘zbekistonda 1991-2019 yillarda maktab ta’limini raqamlarda ko‘rsak, bir maktabga 1991 yilda 543 ta, 2019 yida 623 ta o‘quvchi to‘g‘ri kelgan, shuningdek, maktablar soni 1991-2000 yillarda 1169 taga, 2000-2010 yillarda 80 taga va 2010-2019 yillarda 136 taga oshgan[14].
Qayd etish lozim, maktab ta’limidagi muammolar nafaqat kambag‘allik muammolarini balki, boshqa ijtimoiy-huquqiy muammolarni ham chiqarishi ko‘plab tadqiqotlarda isbotlangan. Masalan, 2020 yil 3 mart kuni Toshkent shahrida «Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti: O‘zbekiston tajribasi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Unda «Mehr-1» va «Mehr-2» operatsiyalari natijalari tahlil etildi. Jumladan, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakili, professor Baxtiyor Bobojonov o‘zbek ayollarining Iroq va Suriyaga ketgani sabablari haqida to‘xtalib “Eng katta sabab – ularning bilimsizligidir. Ayollarning shahodatnomasiga qarasak, hammasi qoniqarsiz ta’lim olishgan”, deb ta’kidlab o‘tdi[15].
Ikkinchi omil - sog‘liqni saqlash tizimida insonlarning farzandlari sog‘lig‘i uchun investitsiya qilmasliklari yoki uni ortga surib kelishlari salbiy ta’sirga ega ekanligini qayd etishadi. Shu boisdan, bolalarni infeksiyalarga qarshi emlashda vaqtinchalik subsidiyalar doimiylaridan ko‘ra samarali ekanligini qayd etib o‘tishadi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tgan “... bir oilada mashina ham, chorva ham bo‘lishi mumkin, lekin bir kishi og‘ir kasal bo‘lsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi[16]” , degan so‘zlarining qanchalik ahamiyatga ega ekanligini qayd etish lozim.
Shu bilan birga, uchinchi omil sifatida – mikrokreditlash mexanizmi tahlil etiladi. Unga ko‘ra, mazkur usul kambag‘allikka qarshi kurashda kutilgan natijalarni bermasligi aniqlanadi.
- Xulosa va takliflar.
Olib borilgan tadqiqotlar asosida O‘zbekistonda kambag‘allikni keltirib chiqarishga sabab bo‘lgan muhim sabablar sifatida quyidagilarni keltirish mumkin, deb o‘ylaymiz:
- Ijtimoiy sohaning nobaqarorlashuviga olib kelgan jihatlar:
- - sog‘liqni saqlash tizimida davlat xarajatlarining yetarli emasligi, ayniqsa, birlamchi tibbiy xizmatlar taqdim etishda;
- - maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish miqyosining pastligi;
- - maktab ta’limida maktab binolarning “rezina”kabi foydalanilishi bazaviy ta’limning natijaviyligini tushirib yubordi;
- - oliy ta’limning qamrovi 10 foizga yetmasligi katta ulushga ega bo‘lgan yoshlarning inson kapitali darajasini pasaytirdi;
- - ilmiy tadqiqotlarga ajratilgan mablag‘lar YaIMga nisbatan 0,25 foiz atrofida bo‘lishi.
- Mehnatga haq to‘lash kasbga emas, balki lavozimga biriktirilishi, yuqori bilim talab qiluvchi kasblar jozibardorligini yo‘qotdi. Masalan, shifokor va serjant unvonidagi harbiy xizmatchining ish haqidagi sezilarli tafovut.
- Elektr ta’minotidagi uzilishlarning davomiyligi quyidagi nobarqarorlikni keltirib chiqardi:
- - ta’limning uyda bajariladigan vazifalar qismi o‘zlashtirilmasligiga ta’sir ko‘rsatdi;
- - biznes yuritishga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Masalan, jahon bankining hisobotida, biznes sub’yekti kichiklashib borgani sari elektr ta’minotidan uzilishi kuchayib borishi qayd etilgan[17].
- Iqtisodiyotning norasmiy qismini kuchayishi aholi daromadlari hisobini va statistikasini yuritishga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Tadqiqotlar asosida quyidagilarga e’tibor berish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz:
- Aholining kambag‘allik darajasini aniqlashtirish uchun demografik jihatdan guruhlarga ajratish nuqtai nazaridan aniq statistikani shakllantirish va shunga mos tadqiqotlarni amalga oshirish. Bunda, kambag‘allikni aniqlash va baholashda oila a’zolari soni, savodxonligi, sog‘ligi, yoshi, jinsi, tanlagan kasbi kabilarni inobatga olishga imkon yaratish.
- Qisqa muddatli davrda e’tibor berilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar:
- - Iqtisodiyotdagi ixtisoslashuv nazariyasini (D.Rikardo) insonlarning qobiliyatiga uyg‘unlashuvini joriy etish. Buning uchun odamlarning qanday mehnatni amalga oshirishlariga imkoniyat va hohishlari yuqori bo‘lishini inobatga olish orqali qiymat yaratish (YaIM)ni yo‘lga qo‘yish. Masalan, pichoq yasaydigan (hunarmad ota-bobosidan o‘rgangan va shu ishni sevib qiladigan) insonga mehant qilishi uchun barcha sharoitlarni yaratish mexanizmini joriy etish. Agar biz undan boshqa turdagi mehnat qilishni talab etsak yoki u shunga majbur bo‘sa iqtisodiy o‘sish va kambag‘allikdan chiqish tendensiyasi yuzaga kelmasligi mumkin;
- - aholining iste’molini arzonlashtirish, ya’ni davlat va “ayrim” tadbirkorlarning monopoliyasini favqulodda tugatish. Buning uchun, iqtisodiyotda raqobat muhitini yaratish lozim bo‘ladi. Ushbu jarayonda ikki jihatga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. birinchidan, milliy (davlat yoki xususiy) ishlab chiqaruvchilarning monopoliyasini shakllanishini kamaytirish. Ikkinchidan, turli iqtisodiy ittifoqlar, jumladan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni jadallashtirish;
- - elektr ta’minotining uzluksizligini amalga oshirish, muqobil energiyadan foydalanishni jadallashtirish. Buning uchun muqobil (quyosh, shamol kabilar) energiya manbalarini rivojlantirshga e’tibor qaratish. Shuningdek, ushbu turdagi energiya iste’moliga o‘tishda davlat subsidiyalarini joriy etishni rivojlantirish;
- - xarajatlarni qisqartirish, ya’ni ko‘p daromadga ega bo‘lmagan sharoitda jamiyatda tejamkorlik tamoyilini joriy etish. Masalan, turli milliy qadriyatlarga asoslangan marosimlarga xarajatlarni kamaytirish;
- - norasmiy iqtisodiyotni qisqartirish.
- Uzoq muddatli davrga mo‘ljallangan dasturlarni amalga oshirish doirasida:
- - profilaktika tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish hajmini va samaradorligini oshirish. Asosan, yosh bolalarning emlash ishlariga e’tibor berish va aktiv umr faoliyatini rivojlantirish orqali passiv umr ko‘rishni qisqartirishga sharoit yaratish;
- - maktab ta’limida o‘quvchilarning qiziqishlarini inobatga oladigan holda guruhlarga ajratgan holda ta’lim berish. Bunda, o‘qish va yozish, matematika va tabiiy fanlar kesimida guruhlarni tashkil etishni o‘quvchilarning qanday kasbga (lavozimga emas) qiziqishlari doirasida sinflarga ajratishni joriy etish;
- - oliy ta’limni qamrovini oshirish. Bunda, bir turdagi mutaxasislikni tayyorlash bir nechta oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilishi orqali raqobat muhitini yaratish. Oliy ta’limda shartnoma to‘lovlarini darsga qatnashish uchun emas, balki fan bo‘yicha yakuniy imtihonlarda qatnashish huquqini belgilash tamoyili asosida oliy ta’lim muassalarida mustaqil joriy etishga imkon berish. Shuningdek, qabul kvotalarini muassasa sig‘imkorligi asosida mustaqil belgilashni joriy etish;
- - “kichik biznesdan-yirik biznesga” g‘oyasini iqtisodiyotda joriy etish. Bunda, bir ishchi o‘rin uchun xarajatlar hajmi yirik biznesda kichik biznesga nisbatan kam ekanligini inobatga olish. Shu bilan birga, yirik biznes mamlakat eksport salohiyatini oshirishdagi asosiy omillardan biri hisobalanadi.
- - yuqori ilmiy sig‘imkor mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish. Bunda tadqiqotlarni natijalarini ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish uchun venchur fondlari faoliyatini shakllantirish. Xususiy sektorning tadqiqotlarni moliyalashtirishga qaratilgan faoliyatini amalga oshirishga shart-sharoit yaratish;
- - mehnat migrantlarini emas, balki mehnat mahsulini eksport qilish tamoyilini amalga oshirish. Bunda, inson salohiyati (aqli-ilmi yaratuvchanlikning asosi) tuganmas resurs ekanligini va aksincha inson mehnat qilishining jismoniy imkoniyati o‘rtacha 30-35 yil ekanligini inobatga olinishi zarur. Shu nuqtai nazardan, inson kapitaliga investitsiyalar uzoq muddatli davrda barqaror natijalarni berishi muqarrarligiga ishonish.
Nodir Jumayev, i.f.d., prof., Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Dilshodjon Raxmonov, i.f.d., dots., O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi
Izoh:
1 Research to help the world’s poor. https://www.nobelprize.org/uploads/2019/10/popular-economicsciencesprize 2019-2.pdf
2 Jumayev N.X., Rahmonov D.A. Jahon iqtisodiyotining yangi inqirozi – iqtisodiy harakatsizlik. 2020 yil 3 aprel. Manba: https://www.review.uz/
3 Popkin, B.M., A.K. Baturin, M. Mozhina, T. Mroz, S. Annu, I. Dmitrichev, E. Glinskaya and M. Lokshin: 1996, The Russian Federation Subsistence Income Level: The development of regional food baskets and other methodological improvements (Report to the Russian federation and also the World Bank).
4 21M Russians Live in Poverty, Official Data Says. July 30, 2019. https://www.themoscowtimes.com/2019/07/30/21m-russians-live-in-poverty-official-data-says-a66618
5 Ada Ferrer-I-Carbonell and Bernard M.S. Van Praag Poverty in Russia. Journal of Happiness Studies· February 2001. pp. 147-172. DOI: 10.1023/A:1011560530411 · Source: RePEc
6The Population of Poverty USA. https://www.povertyusa.org/facts
7 Poverty in the United Stateshttps://www.debt.org/faqs/americans-in-debt/poverty-united-states/
8 O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari http://web.stat.uz/open_data/uz/9.2% 20OD_income_by_deciles_uzb.pdf
9 O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida hisoblangan.
10 Iroq va Suriyadan qaytarilgan ayollar bo‘yicha o‘rganish natijalari ma’lum qilindi. https://kun.uz/news/2020/03/03/iroq-va-suriyadan-qaytarilgan-ayollar-boyicha-organish-natijalari-malum-qilindi
11 21M Russians Live in Poverty, Official Data Says. July 30, 2019. https://www.themoscowtimes.com/2019/07/30/21m-russians-live-in-poverty-official-data-says-a66618
12 Ada Ferrer-I-Carbonell and Bernard M.S. Van Praag Poverty in Russia. Journal of Happiness Studies· February 2001. pp. 147-172. DOI: 10.1023/A:1011560530411 · Source: RePE
13 O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari http://web.stat.uz/open_data/uz/9.2% 20OD_income_by_deciles_uzb.pdf
14 O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida hisoblangan.
15 Iroq va Suriyadan qaytarilgan ayollar bo‘yicha o‘rganish natijalari ma’lum qilindi. https://kun.uz/news/2020/03/03/iroq-va-suriyadan-qaytarilgan-ayollar-boyicha-organish-natijalari-malum-qilindi
16 Tarixda ilk marta «yopiq mavzu» bo‘lgan qambag‘allikni qisqartirish uchun kurash boshlandi https://review.uz/uz/post/tarixda-ilk-marta-yopiq-mavzu-bolgan-qambagallikni-qisqartirish-uchun-kurash-boshlandi
17 World Bank. 2020. Global Economic Prospects, January 2020: Slow Growth,Policy Challenges.Washington, DC: World Bank.p. 89.
[1]Research to help the world’s poor. https://www.nobelprize.org/uploads/2019/10/popular-economicsciencesprize 2019-2.pdf
[2] Popkin, B.M., A.K. Baturin, M. Mozhina, T. Mroz, S. Annu, I. Dmitrichev, E. Glinskaya and M. Lokshin: 1996, The Russian Federation Subsistence Income Level: The development of regional food baskets and other methodological improvements (Report to the Russian federation and also the World Bank).
[3] Sidorchuk I.B. (2010) Kriterii bednosti i pokazateli yeye opredeleniya. https://cyberleninka.ru/article/n/kriterii-bednosti-i-pokazateli-ee-opredeleniya/viewer
[4] Sazanov I.S. (2012) Bednost: Natsionalnie i mejdunarodnie kriterii//Chelyabinskiy gumanitariy. -№3(20). – S.80-84.
[5] Majeed M.T., Malik M.N. (2015) Determinants of Household Poverty: Empirical Evidence from Pakistan. he Pakistan Development Review 54:4, Part II (Winter ) pp. 701–718
[6] Milton Friedman A. (1957) Theory of the Consumption Function. Princeton, N.J. Princeton University Press.
[7] Stachle H. Ability, (1943) Wages and Income. Review of Economics and Statistics, XXV, February, pp. 77-87.
[8] Mincer, J. (1958) Investment in Human Capital and Personal Income Distribution. TheJournal of Political Economy 281–302.https://www.jstor.org/stable/1827422?read-now=1&refreqid=excelsior%3Ad2f165a96877f753b910571c7cf28284&seq=1#page_scan_tab_contents
[9] Rindermann H., Sailer M., Thompson J. (2009) The impact of smart fractions, cognitive ability of politiciansand average competence of peoples on social development//Talent Development & Excellenc. - №1(1). - pp.3-25.
[10] Peng, C., Fang, L., Wang, J.S. et al. (2019) Determinants of Poverty and Their Variation Across the Poverty Spectrum: Evidence from Hong Kong, a High-Income Society with a High Poverty Level. Soc Indic Res 144, 219–250. https://doi.org/10.1007/s11205-018-2038-5
[11] 21M Russians Live in Poverty, Official Data Says. July 30, 2019. https://www.themoscowtimes.com/2019/07/30/21m-russians-live-in-poverty-official-data-says-a66618
[12] Ada Ferrer-I-Carbonell and Bernard M.S. Van Praag Poverty in Russia. Journal of Happiness Studies· February 2001. pp. 147-172. DOI: 10.1023/A:1011560530411 · Source: RePEc
[13]O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari http://web.stat.uz/open_data/uz/9.2% 20OD_income_by_deciles_uzb.pdf
[14]O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida hisoblangan.
[15]Iroq va Suriyadan qaytarilgan ayollar bo‘yicha o‘rganish natijalari ma’lum qilindi. https://kun.uz/news/2020/03/03/iroq-va-suriyadan-qaytarilgan-ayollar-boyicha-organish-natijalari-malum-qilindi
[16]Tarixda ilk marta "yopiq mavzu" bo‘lgan qambag‘allikni qisqartirish uchun kurash boshlandi https://review.uz/uz/post/tarixda-ilk-marta-yopiq-mavzu-bolgan-qambagallikni-qisqartirish-uchun-kurash-boshlandi
[17] World Bank. 2020. Global Economic Prospects, January 2020: Slow Growth,Policy Challenges.Washington, DC: World Bank.p. 89.