24 may, shanba
|
Toshkent   29° C

Kamabag‘allik: Daromad tengsizligimi yoki ta’lim olishga e’tiborsizlik?

Kamabag‘allik: Daromad tengsizligimi yoki ta’lim olishga e’tiborsizlik?

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yilni “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlash taklif etilishida uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash nazarda tutildi. Ushbu g‘oyaning tub mohiyati mamlakatni ilg‘or tajribalar asosida rivojlantirish va aholi daromadlari tengsizligini bartaraf etishdir. Bu esa kambag‘allikni qisqartirishning bosh omili, desak, xato bo‘lmaydi. Binobarin, Prezident 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi bizda ham kam ta’minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ular taxminan 12 — 15 foizni tashkil etadi. Bu o‘rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda”, deya alohida ta’kidladi.

O‘zbekistonda mazkur kategoriyaga nisbatan yondashuvning yuzaga kelishi va unga doir islohotlarni amalga oshirish juda muhim masala. Chunki shu paytgacha unga, umuman, e’tibor berilmagan, raqamlar ochiqlanmagan edi. Shu ma’noda, Prezidentimizning 2020 yil 26 martdagi “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bu borada ko‘plab vazifalar belgilab berildi hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi yo‘nalishlar shakllantirildi. Xususan, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi qilib qayta tashkil etilishi ushbu yo‘nalishdagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Olimlar nima deydi?

Misol uchun, pokistonlik olimlar — Tariq Majid va No‘mon Malik tomonidan 2015 yilda amalga oshirilgan tadqiqotda kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi omillar sirasiga savodxonlik darajasi ham kiritiladi. Bunda oila xo‘jaligining kambag‘allikka tushib qolishiga oila boshlig‘ining tajribasi, yoshi, jinsi va ­bandligi kabi omillar ta’sir qilishini keltirib o‘tadi. Shuningdek, oila boshlig‘i sifatida ayol kishi bo‘lishi kambag‘allikni keltirib chiqarishga ko‘proq ta’sir qiladi, degan g‘oya ilgari suriladi. Bu ayollarning ta’lim olish va daromad topishdagi imkoniyatlari yuqori emasligi bilan izohlanadi. Tadqiqotlar asosida, birinchidan, ta’lim olganlik darajasi bilan kambag‘allik teskari proporsional ekanligi, ikkinchidan, qishloq joylarda pul o‘tkazmalariga ega bo‘lganlar kambag‘allikka kamroq tushi­shayotganligi, uchinchidan, shaharlashib borish kambag‘allikni pasaytirishini va qishloq hududlarida esa oshishiga olib kelishini qayd etib o‘tadi. O‘z ­navbatida, tajriba, yosh va qishloq xo‘jaligida band bo‘lish kambag‘allikni keltirib chiqarmasligini asoslab beradi.

AQShda monetar siyosatning samarali amalga oshirilishi asoschilaridan biri M. Fridmen­ daromadlar notengligi statistik taqsimotni aniq ko‘rsatmasligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, is­te’mol jihatidan daromadlarning taqsimoti ularni yuzaga keltiruvchi sabablarga bog‘liq. Daromadlarning notengligiga sabablardan biri esa insonlarning qobiliyati teng taqsimlanmaganligi bilan bog‘liq. Ushbu tendensiyani olim H. Stakle ham ta’kidlasa, J. Minser inson kapitaliga investitsiyalar hamda daromadlarning tengsizligi omillarini aniqlagan va ularni baholagan. Insonlar daromadining notengligi inson kapitaliga qilingan investitsiyalarga bog‘liq ekanligi, investitsiya jarayoni erkin tanlovga asoslanishini qayd etib o‘tadi. Minser fikriga ko‘ra, katta maosh ko‘p o‘rganishni talab etadi. Shu bois kasblararo farq ularni o‘rganishdagi farqlar bilan izohlanadi va o‘rganish muddatlaridagi o‘zaro absolyut farq yillik daromaddagi foizli farqlarni keltirib chiqaradi. Bir kasbning bir necha egalari daromadlari o‘rtasidagi farq inson kapitali tajribasiga qilingan investitsiya muddatining uzaytirilganligi bilan bog‘liq. Umuman olganda, ta’lim, yosh va kasb kabi omillar insonlar daromadlari tabaqalanishida asosiy sabab ekanligi asoslab beriladi.

S. Peng va boshqalar o‘zlarining tadqiqotlarida kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi omillarni tahlil etib chiqadi. Ular kambag‘allik ehtimolini keltirib chiqaruvchi omillar sifatida quyidagilarni sanab o‘tadi: keksalik, ayol kishi bo‘lish, turmush o‘rtog‘ining bo‘lmasligi, ota yoki ona bo‘lmagan oilada katta bo‘lish, ishsizlik, davlat uyida ijarada turish, past savodxonlik va sog‘liq darajasi. Shuningdek, oilada nogiron yoki surunkali kasallikka chalingan odamning bo‘lishi. Ta’kidlash lozimki, oliy ta’lim olganlik kambag‘allik va minimal qashshoqlikdan saqlanishga yordam berishi aytiladi.

Fikrimizcha, kambag‘allikni aniqlashga yordam beradigan omil sifatida daromadlarning shakllanishiga e’tibor qaratish muhim hisoblanadi. Bunda daromad shakllanishiga asos bo‘lib xizmat qiluvchi sabablar va omillarni rivojlantirish yanada muhim. Bu esa kambag‘allikni bartaraf etishda asosiy rol o‘ynaydi. Jumladan, ta’lim tizimi va insonlar qiziqishi doirasida kasbga yo‘naltirishni rivojlantirish.

Xalqaro tashkilotlar yondashuvi ham o‘ziga xos

Ushbu masalada xalqaro tashkilotlarning yondashuv va mezonlari ham qiziq. Xususan, Jahon banki tomonidan kambag‘allikni aniqlash bo‘yicha kunlik daromadning hajmiga nisbatan mezon sifatida milliy daromadning kishi boshiga to‘g‘ri kelishi hajmi quyidagicha belgilangan:

* xalqaro kambag‘allik chizig‘i 1,9 AQSh dollari;

* o‘rtacha daromaddan past (2020 yil uchun kishi boshiga YaIM 1026 — 3995 AQSh dollari) bo‘lgan mamlakat uchun 3,2 AQSh dollari;

* o‘rtacha daromaddan yuqori (2020 yil uchun kishi boshiga YaIM 3995 12375 AQSh dollari) bo‘lgan mamlakat uchun 5,5 AQSh dollari.

Mazkur mezon 2013 yilda e’lon qilingan bo‘lib, o‘sha davrda 1,25 AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2015 yilga kelib 1,9 AQSh dollariga ko‘tarilgan. O‘z navbatida, mazkur ko‘rsatkichlar mos ravishda 2005 va 2011 yillardagi bazis narxlar bilan kishi boshiga daromad hisoblanishi orqali tatbiq etiladi. 2017 yildan boshlab esa qo‘shimcha ravishda keyingi ikkita ko‘rsatkich ham kiritilgan. Kambag‘allikning xalqaro me’yori minimal iste’molni nazarda tutadi va u keyingi ikkita mezon bilan almashtirilmaydi. Ushbu ko‘rsatkich o‘ta kambag‘allikni aks ettiradi. O‘zbekiston o‘rtacha daromaddan past daromadga ega bo‘lganligi uchun 3,2 AQSh dollari tavsiya etiladi.

2015 yilda BMT Bosh Assambleyasining 70-sessiyasida 2030 yilgacha Barqaror rivojlanishning 17 maqsadi qabul qilindi. Ushbu maqsadlarning birinchisi — “Kambag‘allikni yo‘qotish” (No Poverty) deb nomlangan bo‘lib, dunyo mamlakatlari ushbu omilga qarshi ommaviy kurashga chaqiriladi. Mazkur maqsadlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo‘lgan ­davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror ilovasining 1-bandida “1-maqsad. Barcha joylarda aholining kam ta’minlanganlik darajasini pasaytirish” deb nomlangan. Ushbu bandning vazifalari sifatida belgilangan 7-yo‘nalishda ­asosiy e’tibor ijtimoiy himoyaga va gender tengligini ta’minlash hamda mikrokreditlash amaliyotlaridan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Bizningcha, ushbu qarorda keltirilgan vazifalarning bir qator yo‘nalishida ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan, ayniqsa, oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini ken­gaytirish bo‘yicha ustuvorliklar keltirilmagan. Bu esa jahon olimlari tomonidan asoslangan ilmiy xulosalar inobatga olinmaganligini anglatadi. Sababi daromadlar tengsizligini keltirib chiqaruvchi kam sonli omillarning asosiysi, bu, ta’lim ekanligi ta’kidlab o‘tilgan.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda aholi daromadlarining 1/4 qismi 10 foiz aholi qo‘lida to‘planganligi ham daromadlar tengligini ta’minlash zaruratini keltirib chiqaradi. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, aholi asosiy qatlamining daromadlari vaqtinchalik uzilishga uchragan davrda jamg‘arma kategoriyasi muhim ahamiyatga ega. Bu davlatning zimmasiga katta moliyaviy yukni keltirib chiqarishi, byudjet defitsitini oshirishi mumkin.

Sinovli davrdagi tadbirlar

Pandemiya sharoitida daromadlar pasayishi va jamg‘armalarning uzoq muddatga yetmaslik ehtimoli davlat tomonidan qo‘shimcha mablag‘larni safarbar etishni taqozo qiladi. Bu esa byudjet daromadlari qisqargan sharoitda qarz mablag‘larini jalb etish zaruratini keltirib chiqaradi. Shu ma’noda, Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinganini alohida qayd etish joiz. Chunki ushbu hujjat asosida hukumat tomonidan xalqaro moliya institutlaridan 1 milliard AQSh dollari miqdorida tashqi qarz jalb etilishi belgilab berildi. 2019 yilda iqtisodiyot sohasida Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan A. Banerji, E. Dyuflo va M. Kramer ­tomonidan davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar amalga oshirayotgan islohotlarning nechog‘liq natija berayotganligi tahlil etildi. Nafaqat O‘zbekiston, balki jahon mamlakatlarida amalga oshirilgan kambag‘allikka qarshi kurash natijalari tahlili bu boradagi tadbirlarni tubdan o‘zgartirish zaruratini ko‘rsatdi. Ya’ni ­tadqiqotlarga ko‘ra, maktab ta’limida ikki omil — o‘quvchilar qiziqishi va o‘qituvchilar bilan ma’lum muddatli ­shartnomalar muhim ekanligi isbotlandi.

Aytish kerakki, maktab ta’limidagi muammolar nafaqat kambag‘allikka doir, balki bosh­qa ijtimoiy-huquqiy masalalarni ham keltirib chiqarishi ko‘plab tadqiqotlarda isbotlangan. Masalan, 2020 yil 3 mart kuni Toshkent shahrida “Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti: O‘zbekiston tajribasi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Unda “Mehr-1” va “Mehr-2” operatsiyalari natijalari ­tahlil qilindi. Jumladan, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakili, professor Baxtiyor Bobojonov o‘zbek ayollarining Iroq hamda Suriyaga ketgani sabablari haqida to‘xtalib, “Eng katta sabab — ularning bilimsizligidir. Ayollarning shahodatnomasiga qarasak, hammasi qoniqarsiz ta’lim olishgan”, deb ta’kidlab o‘tdi.

Ikkinchi omil sifatida sog‘­liqni saqlash tizimida odamlarning farzandlari sog‘lig‘i uchun investitsiya qilmasligi yoki uni ortga surib kelishi salbiy ta’sirga ega ekanligi ko‘rsatiladi. Shu bois bolalarni infeksiyalarga qarshi emlashda vaqtinchalik subsidiya­lar doimiylaridan ko‘ra samarali ekanligi qayd etiladi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, davlatimiz ­rahbari ta’kidlab o‘tgan “...bir oilada mashina ham, chorva ham bo‘lishi mumkin, lekin bir kishi og‘ir kasal bo‘lsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi” degan so‘zlarining qanchalik ahamiyatga ega ekanligini ­anglash qiyin emas.

Bundan tashqari, mikrokreditlash mexanizmini ham yana bir omil sifatida keltirish mumkin. Nega deganda, mazkur usul kambag‘allikka qarshi kurashishda kutilgan natijalarni bermasligi aniqlangan. O‘zbekistonda kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi muhim sabablar nimalar? Quyida shularning ayrimlarini keltirib o‘tamiz.

1. Ijtimoiy sohaning nobarqarorlashuviga olib kelgan jihatlar:

* sog‘liqni saqlash tizimida davlat xarajatlarining, ayniqsa, birlamchi tibbiy xizmatlar taqdim etishda yetarli emasligi;

* maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish qamrovi
pastligi;

* maktab ta’limida o‘quv muassasalaridan “rezina” kabi foydalanish bazaviy ta’limning natijadorligini tushirib yuborishi;

* oliy ta’limning qamrovi 10 foizga yetmasligi katta ulushga ega bo‘lgan yoshlarning inson kapitali darajasini pasaytirishi;

* ilmiy tadqiqotlarga ajratilgan mablag‘lar YaIMga nisbatan 0,25 foiz atrofida bo‘lishi.

2. Mehnatga haq to‘lash kasbga emas, balki lavozimga biriktirilishi, yuqori bilim talab qiluvchi kasblar jozibadorligini yo‘qotdi. Masalan, shifokor va serjant unvonidagi harbiy xizmatchining ish haqidagi sezilarli tafovut.

3. Elektr ta’minotidagi uzilishlar davomiyligi quyidagi nobarqarorlikni keltirib chiqardi:

* ta’limning uyda bajariladigan vazifalar qismi o‘zlashtirilmasligiga ta’sir ko‘rsatdi;

* biznes yuritishga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Masalan, jahon bankining hisobotida, biznes sub’yekti kichiklashib borgani sari elektr ta’minotidan uzilishi kuchayib borishi qayd etilgan.

4. Iqtisodiyotning norasmiy qismi kuchayishi aholi daromadlari hisobini va statistikasini yuritishga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Qanday choralar ko‘rmoq kerak?

Ko‘rinib turibdiki, kambag‘allikni kamaytirish, bu borada yuzaga keladigan muammolardan kelib chiqadigan omillar yo‘q emas. Shunday ekan, nima qilmoq kerak?

Tadqiqotlarda ayon bo‘layotgan ushbu masalalardan kelib chiqib, quyidagilarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz. Avvalo, aholining kambag‘allik darajasini aniqlash uchun demografik jihatdan guruhlarga ajratish nuqtai nazaridan aniq statistikani shakllantirish va shunga mos tadqiqotlarni amalga oshirish. Bunda oila a’zolari soni, savodxonligi, ­sog‘lig‘i, yoshi, jinsi, tanlagan ­kasbi kabilarni inobatga olishga imkon yaratish.

Shuningdek, qisqa muddatli davrda e’tibor berilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar ham talaygina. Xususan, iqtisodiyotdagi ixtisoslashuv nazariyasining (D. Rikardo) odamlar qobiliyatiga uyg‘unlashuvini joriy etish. Buning uchun ularning qanday mehnat qilishga imkoniyat va xohishlari yuqori bo‘lishini inobatga olish orqali qiymat yaratish (YaIM)ni yo‘lga qo‘yish. Masalan, pichoq yasaydigan (hunarmand ota-bobosidan o‘rgangan va shu ishni sevib qiladigan) insonga mehnat qilishi uchun barcha sharoitni yaratish mexanizmini joriy etish. Agar biz undan ­boshqa turdagi mehnat qilishni ­talab etsak yoki u shunga majbur bo‘lsa, iqtisodiy o‘sish va kambag‘allikdan chiqish tendensiyasi yuzaga kelmasligi mumkin.

Aholining iste’molini arzonlashtirish, ya’ni davlat va “ayrim” tadbirkorlarning monopoliyasini favqulodda tugatish. Buning uchun iqtisodiyotda raqobat muhitini ­yaratish lozim bo‘ladi. Ushbu jarayonda ikki jihatga e’tibor qaratish zarur. Birinchidan, milliy (davlat yoki xususiy) ishlab chiqaruvchilar monopoliyasi shakllanishini kamaytirish. Ikkinchidan, turli iqtisodiy ittifoqlar, jumladan, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni jadallashtirish kerak.

Elektr ta’minoti uzluksizligini ta’minlash, muqobil energiyadan foydalanishni jadallashtirish. Buning uchun muqobil (quyosh, shamol kabilar) energiya manbalarini rivojlantirishga e’tibor qaratish. Shuningdek, ushbu turdagi energiya iste’moliga o‘tishda davlat subsidiyalarini joriy etishni rivojlantirish maqsadga muvofiq.

Xarajatlarni qisqartirish, ya’ni ko‘p daromadga ega bo‘lmagan sha­roitda jamiyatda tejamkorlik tamoyilini joriy etish. Masalan, turli milliy qadriyatlarga asoslangan marosimlarga xarajatlarni kamaytirish, shuningdek, norasmiy iqtiso­diyotni qisqartirish talab etiladi.

Uchinchidan, bu jarayonda uzoq davrga mo‘ljallangan dasturlarning ham ahamiyati katta. Shu nuqtai nazardan bu kabi dasturlarni amalga oshirishda profilaktika tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish hajmi va samaradorligini oshirish darkor. Bu orqali yosh bolalarni emlash ishlariga e’tibor berilib, aktiv umr faoliyatini rivojlantirish orqali passiv umr ko‘rishni qisqartirishga sharoit yaratiladi.

Maktab ta’limida o‘quvchilar qiziqishlarini inobatga olgan holda, guruhlarga ajratib ta’lim berish ham yaxshi natijani yuzaga chiqaradi. Bunda o‘qish, yozish, matematika va tabiiy fanlar kesimida guruhlarni tashkil etishni o‘quvchilarning qanday kasbga (lavozimga emas) qiziqishlari doirasida sinflarga ajratishni joriy qilish lozim.

Shuningdek, oliy ta’lim qamrovini oshirish, ya’ni bir turdagi mutaxassislikni tayyorlash bir nechta oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilishi orqali raqobat muhitini yaratish, oliy ta’limda shart­noma to‘lovlarini darsga qatnashish uchun emas, balki fan bo‘yicha yakuniy imtihonlarda qatnashish huquqini belgilash tamoyili asosida o‘quv yurtlarida mustaqil joriy etishga imkon berish lozim. Qolaversa, qabul kvotalari muassasa sig‘imkorligi asosida mustaqil belgilanishi kerak.

“Kichik biznesdan — yirik biznesga”. Bu g‘oya ham odamlar bandligini ta’minlash, demakki, kambag‘allikdan chiqarishda ayni muddao. Faqat bunda bir ishchi o‘rin uchun xarajatlar hajmi yirik biznesda kichik biznesga nisbatan kam ekanligi inobatga olinadi. Shu bilan birga, yirik biznes mamlakat eksport salohiyatini oshirishning eng samarali vositalaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, yuqori ilmiy sig‘imkor mahsulotlarni rivojlantirish, ya’ni tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarishga, ayniqsa, xu­susiy sektorning tadqiqotlarini moliyalashtirishni joriy etish uchun venchur fondlarini shakllantirish zarur, deb o‘ylaymiz.

Va nihoyat, mehnat migrantlarini emas, balki mehnat mahsulini eksport qilish tamoyilini rivoj­lantirmoq zarur. Binobarin, inson kapitaliga investitsiyalar jalb etish uzoq davrda barqaror natijalarni berishi muqarrar.

Yurtimizda inson manfaati yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, sa’y-harakatlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda. So‘nggi paytlarda uzoq yillar davomida yashirib kelingan holat — kambag‘allik xususida, ayniqsa, ko‘p gapirilmoqda. Muhimi, bu gap bo‘lib qolib ketayotgani yo‘q. Amaliy harakatlar boshlab yuborilgan. Kambag‘al insonlar soni aniqlashtirilib, kam ta’minlangan oilalar ro‘yxati shakllantirilyapti. Ya’ni jarayon boshlangan. O‘ylaymizki, biz bergan taklif va fikrlar ham ayni shu jarayonda asqatadi.

Nodir JUMAYeV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisodiyot fanlari doktori, professor,
Dilshodjon RAHMONOV,
Bank-moliya akademiyasi
Moliya kafedrasi mudiri,
iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent

Manba: Xalq so‘zi gazetasi



O'xshash yangiliklar