O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi. Kambag‘allikni kamaytirish uchun nima qilish kerak?
- 5.11.2020 10:25
- 2.3K

Joriy yilning 27 fevralida kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz aholisining 12-15% yoki 4-5 milllion aholi kambag‘allik sharoitidaligini ta’kidladi. Bu ularning kunlik tushumi 10-13 ming so‘mdan oshmasligini anglatadi.
Hozirgi kunda kambag‘al oilaning shaxsiy kompyuter bilan ta’minlanganligi Respublikadagi o‘rtacha oiladan 12 barobarga, shaxsiy mashina bilan – 11 barobarga, konditsioner bilan – 8 barobarga, changyutgich bilan – 4 barobarga, kir yuvish mashinalari bilan – 4 barobarga, muzlatgich bilan – 2 barobarga, televizor va uyali aloqa vositalari bilan – 1,5 barobarga kamligi kuzatiladi.
Aholining kambag‘al qatlami mamlakatga xos bo‘lgan tezkor iqtisodiy o‘sishdan foyda ko‘rish imkoniyatidan mahrum bo‘libgina qolmay, jamiyatning turli sohalarida ishtirok etish imkoniyati cheklanganligi tufayli rivojlanishga ham hissa qo‘sha olmaydi. Davlat bepul o‘rta ta’limni ta’minlaydi, tibbiy xizmatlarning asosiy paketini kafolatlaydi, “ijtimoiy ahamiyatli va xavfli” sharoitlar uchun parvarish zaif deb tasniflangan guruhlarga ixtisoslashgan yordam va kam ta’minlangan oilalarga imtiyozlar beradi. Ammo, bundanda ko‘pi amalga oshirilishi lozim.
Chunki kambag‘allik holatida tushib qolishdan ko‘ra, undan chiqib ketish ko‘p karra qiyinroq. O‘zi qishloq sharoitida yashovchi kambag‘al odam kasal bo‘lib qolgan sharoitda doktorga uchrashish uchun shaharga qatnashiga to‘g‘ri keladi. Uning dori-darmon xarajatlariga yo‘l kira ham ko‘shiladi. Kambag‘al oila farzandi pul topish ilinjida ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lib qolishi mumkin, bu esa uning kelajakdagi daromadlari darajasiga ta’sir etadi. Shuning uchun ham ko‘p hollarda “kambag‘allik” va “kambag‘allik qopqoni” tushunchalari birga ishlatiladi.
KAMBAG‘ALLIK NIMA?
Kambag‘allik tushunchasiga yagona ta’rif mavjud emas. Ba’zilar kambag‘allik deganda insonning birlamchi ehtiyojlarini (oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, ta’lim va sog‘liqni-saqlash) qondirishga imkoniyatning mavjud emasligini tushunsa, boshqalar – tanlov erkinligining yetarlicha emasligi yoki kuniga 1,90 dollardan kam miqdorga kun kechirishni, uchinchi tomon esa –insonning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi ishtirokiga putur yetkazuvchi ijtimoiy, ta’lim va sog‘liqni-saqlash sohasidagi to‘siqlarning doimiy doirasini tushunishadi. Umumiy qaraganda, kambag‘allikni baholash bir nechta aniq belgilangan ko‘nikma va usullarni talab qiladi.
KAMBAG‘ALLIK DARAJASI QANDAY O‘LChANADI?
Belgilangan davrda inson farovonligi darajasini o‘lchashda foydalaniladigan 2 ta ko‘rsatkich mavjud: aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad yoki aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan iste’mol xarajatlari. Daromadlarning iste’molga nisbatan o‘zgaruvchan bo‘lishi, ba’zi daromad manbalarini aniqlashning murakkabligi, daromadlar to‘g‘risidagi yolg‘on ma’lumotlarning keltirilish darajasi yuqori bo‘lganligi uchun amaliyotda 2-ko‘rsatkichdan foydalanish tavsiya etiladi. Shuning bilan birga, farovonlik ko‘rsatkichi sifatida iste’mol xarajatlari ma’lumotlaridan foydalanishda esa vaqt o‘tishi bilan narxlarning o‘zgarishini, ayrim mamlakatlar o‘rtasidagi narxlar farqini, uyda iste’mol qilinadigan tovarlar (shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari), uy xo‘jaliklari tomonidan qabul qilinadigan jamoat tovarlari va xizmatlari narxlari (bepul yoki subsidiyalangan tibbiy yordam, maktab ovqatlari, xalq ta’limi) kabilarni hisobga olgan holda bu ko‘rsatkichga ba’zi to‘g‘rilashlarni kiritish lozim bo‘ladi.
Shu sababli, kim kambag‘al yoki kambag‘al emasligini aniqlash uchun iste’mol (daromad) to‘g‘risidagi bilimlarga asoslanib, odatda "kambag‘allik chegarasi" deb nomlanadigan kambag‘allikning eng yuqori darajasini aniqlab olish lozim. Bu esa mushkul vazifadir, chunki kambag‘allik ta’rifi bo‘yicha ham, uning chegarasi bo‘ladigan narsada ham mutaxassislar o‘rtasida yakdil fikr mavjud emas. Shu bilan birga, kambag‘allik chegarasining eng ko‘p ishlatiladigan ta’riflari quyidagilardir:
Oziqlanishga asoslangan kambag‘allik darajasi. Qashshoqlik ma’lum ko‘rinishlarni oladi va ochlik ana shunday ko‘rinishlardan biridir. Bunday holda, farovonlik aholi jon boshiga kunlik kilokaloriyalar iste’moli bilan o‘lchanadi va ushbu kategoriyadagi odamlar uchun kunlik energiya sarfi miqdori bilan taqqoslanadi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti kuniga energiya sarfi chegarasini o‘rtacha 1800 kilokaloriya qilib belgilashni tavsiya etadi. Bu ko‘rsatkich yoshga, jinsga va inson faoliyat darajasiga qarab o‘zgarishi mumkin. Oziq moddalar yetishmovchiligining boshqa shakllari, masalan, oqsillar yoki "yashirin ochlik" deb nomlangan ba’zi mikroelementlar uchun ham chegara belgilanishi mumkin. Bunday holatda ham tavsiya etilgan minimal darajadan kelib chiqib kambag‘allikning umumiy darajasini belgilash mumkin.
Xalqaro kambag‘allik chegarasi. Ushbu chegara Jahon banki tomonidan xalqaro taqqoslash uchun ishlatiladi. O‘ta qashshoqlik chegarasi sotib olish qobiliyati pariteti bo‘yicha kuniga 1 dollar miqdorida belgilanadi, kambag‘allik chegarasi esa kuniga 2 dollar miqdorida belgilanadi. So‘nggi paytlarda ushbu kambag‘allik chegaralari tegishli ravishda 1,25 va 2,5 dollarga ko‘tarilgan. Hozirgi vaqtda dunyodagi eng kambag‘al 15 mamlakat ushbu kambag‘allik chizig‘ilaridan foydalanadi. Biroq, hozirgi vaqtda, turli mamlakatlarning o‘ziga xos xususiyatlari va rivojlanish bosqichlarini hisobga olgan holda, kambag‘allikning boshqa chegaralari ham qo‘llaniladi. Xususan, daromadi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lgan davlatlar uchun kam ta’minlanganlik darajasi kuniga 3,2 dollar, daromadi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan davlatlar uchun esa kuniga 5,5 dollarni qo‘llash tavsiya etiladi.
Nisbiy kambag‘allik chegarasi. Qashshoqlik nafaqat mutloq, balki nisbiy tushunchadir. Odamlar o‘z iste’mol darajasini tegishli nazorat guruhidagi boshqa odamlar bilan taqqoslaganda o‘zlarining holatini sub’yektiv ravishda yomon baholashlari mumkin. Bu nisbiy mahrumlik tushunchasi tufayli odamlar o‘z mamlakatlari yoki jamoalaridagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan shaxsiy daromadlari yoki iste’mollar darajalariga ahamiyat berishadi. Nisbatan kambag‘allik chegarasini oddiy ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatda munosib ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy integratsiya xarajatlari sifatida ham izohlash mumkin. Nisbiy kambag‘allik chegarasini qo‘llash Yevropa mamlakatlarida keng tarqalgan. Bu holda kam ta’minlanganlar sifatida mamlakatda eng kam iste’mol qiluvchi 25% odam tushuniladi.
Sub’yektiv kambag‘allik chegarasi. Aytishimiz mumkinki, kambag‘allik nafaqat mutloq yoki nisbiy standart, balki idrok hamdir. Bunday holda, uy xo‘jaligiga: "Siz qanday xarajatlarning qanday darajasini mutloq minimal deb hisoblaysiz?" deb so‘raladi va bu ularning haqiqiy xarajatlari darajasi bilan taqqoslanadi. Shunday qilib, amaldagi xarajatlari e’lon qilingan sub’yektiv minimumdan past chiqqanlar ulushiga kambag‘allik darajasi deb qaraladi. Ammo, bu yerda kambag‘allik darajasi, ko‘p hollarda, savolning qanday berilishiga bog‘liq.
O‘ZBEKISTONDAGI QAShShOQLIK HAQIDA MA’LUMOT (ULAR KIMLAR, QAYeRDA VA QANDAY HAYoT KEChIRADILAR?)
O‘zbekistonda kambag‘allikni o‘lchashda faqat dastlabki ikkita usul qo‘llaniladi. Oziqlanishga asoslangan usulning natijalari kambag‘allik darajasini 11,4% ekanligini ko‘rsatadi. Ikkinchi yondashuv natijalariga asoslanib esa kuniga 5,5 dollar chegarani oliganda kamta’minlanganlik darajasi 36,6% va 3,6 dollar deb olganda - 9,6%ni tashkil etadi. Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, kambag‘allikning yuqori darajasi Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Andijon viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilmoqda.
So‘nggi yillarda kambag‘allik darajasini o‘rganish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan omma uchun ochiq ma’lumotlar bazasini yaratishda sezilarli yutuqlarga erishildi. Ular bizga kambag‘allikni tavsiflash, uning omillari, shuningdek, aniq dasturlar va siyosiy islohotlarning kambag‘allikka ta’siri to‘g‘risidagi ko‘plab farazlarni sinab ko‘rish imkonini beradi. Masalan, kambag‘al bo‘lgan va bo‘lmagan odamlar yoki uy xo‘jaliklarining xususiyatlarini taqqoslab, kambag‘allikning sababini aniqlash va unga qarshi kurashning aniq parametrlarini belgilash mumkin. Bunda ma’lumot quyidagi yo‘nalishlarda tahlil qilinishi mumkin:
- Oila a’zolarining xususiyatlari: yoshi, jinsi, millati, ma’lumoti va sog‘lig darajasi.
- Uy xo‘jaligining demografik xususiyatlari: oila boshlig‘ining jinsi, ishlash yoshidagi a’zolarga to‘g‘ri keladigan bolalar va qariyalar soni.
- Mulk: yer, chorva mollari, asboblar va ijtimoiy kapital.
- Faoliyat turlari: faoliyat sohasi, tomorqa faoliyati, bandlik turi.
- Joylashuv: qishloq / shahar, viloyat, tuman.
- Kommunal xizmatlardan foydalanish: elektr energiyasi, ichimlik suvi, tibbiyot muassasasi, maktab, ijtimoiy yordam dasturlari.
- Bozorga kirish va xususiy xizmatlar: bozorlargacha masofa, yo‘l infratuzilmasi, moliyaviy xizmatlardan foydalanish va b.
Masalan, Rossiya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, uy xo‘jaligining kambag‘al bo‘lishiga 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning mavjudligi, ishsiz oila a’zolarining borligi, qishloq joylarda yashashi, barqaror daromad manbalarining yo‘qligi va ularning norasmiy sektorda bandligi va mintaqaning iqtisodiy rivojlanishi yomonligi kabi omillar ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shunday qilib, O‘zbekistondagi kambag‘allikning yanada aniq tasvirini unga qarshi kurash bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar va tavsiyalarning mazmunini belgilaydi. Ushbu sohada olib borilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, kam ta’minlangan oila 7 kishidan iborat bo‘lib, oila boshlig‘ining o‘rtacha yoshi 50 yoshdan yuqori va u oliy ma’lumotga ega emas. Jumladan, 11% kamta’minlangan oilaning boshlig‘i ishsiz, 93% holatlarda esa oliy ma’lumotga ega emas va faqat 24% o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Kamta’minlangan uy xo‘jaliklarining 43% doimiy ish joyiga ega emas. 93% markaziy isitish tizimiga, 96% markaziy kanalizatsiya tizimiga va 66% markaziy suv ta’minotiga ulanmagan.
Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida olib borgan shunga o‘xshash tadqiqotlar natijalariga ko‘ra esa respublikada kamta’minlangan uy xo‘jaliklarining ahvolini quyidagicha tavsiflanishi mumkin: ular 3 bolali qishloq joylarda istiqomat qiluvchi, oila a’zolarining ma’lumot darajasi yuqori bo‘lmagan va chet elda mehnat qila oladigan mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan uy xo‘jaliklaridir. Shu bilan birga, kamta’minlanganlik darajasi aniq mintaqaviy xususiyatga ega.
Ushbu natijalar Jahon bankining 2014 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotini inklyuziv diagnostikasi bo‘yicha xulosalari bilan mos keladi. Xususan, eng kamta’minlangan uy xo‘jaliklari bolalari ko‘payishi sababli kattaroq ekanligi, shuningdek, ishlaydigan kattalar soni kamligi qayd etilgan. Erkaklar orasida farovonlik darajasi har xil bo‘lgan guruhlar o‘rtasida mehnat holatida jiddiy tafovut yo‘q. Biroq kamta’minlangan ayollarning ishchi kuchi tarkibidagi ishtiroki ancha past, har uchinchi kam ta’minlangan oilaning boshlig‘i ayol kishi. Iste’mol (daromadlar) o‘rtasidagi tafovutni belgilovchi uchta eng muhim omil bu oila boshlig‘larining jinsi, ma’lumoti va bandlik holati.
Ushbu natijalar mamlakatning kambag‘allik muammosini hal qilishda aksariyat mintaqalarda ta’lim sifati, bandlik darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganlik imkoniyatlari va yashash sharoitlari muhimligini tasdiqlaydi.
KAMBAG‘ALLIKKA QARShI ChORALAR: MAKROIQTISODIY VA MIKRO DARAJADAGI SIYoSAT
Kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha tavsiyalar kam ta’minlangan uy xo‘jaliklarining xususiyatlari, jamiyat hayotida ishtirok etishda iqtisodiy-ijtimoiy to‘siqlar va rivojlanishning istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek, makroiqtisodiy va mikro darajada siyosatga asoslangan bo‘lishi ularning muvofaqiyatini belgilaydi.
Inklyuziv biznes modellarini ishlab chiqish. Bugungi kunda dunyoda aholisining kam ta’minlangan qatlamlari energiya, suv ta’minoti, kanalizatsiya, axborot texnologiyalari kabi ko‘plab sohalarda sezilarli darajada qondirilmagan ehtiyojlarga ega. Shu bilan birga, rivojlangan davlatlar iqtisodiyotining turg‘unligi sharoitida kam ta’minlangan guruhlar ishtirokidagi bozor segmentlarining jozibadorligi oshib bormoqda. Kambag‘allar jamiyatning iqtisodiy faol qismi sifatida, agar ularning ishlab chiqarish faoliyatida ishtirok etish imkoniyatlari kengaytirilsa, ishchilar yoki tadbirkorlar sifatida iqtisodiy o‘sish jarayonlarida ham ishtirok etishlari mumkin. Shuning uchun zarur bilim va ko‘nikmalarning yetishmasligi muammosini hal qilish va kambag‘allarning ta’limiga investitsiya kiritish rivojlanishning asosiy omilidir.
Bundan tashqari, mazkur inklyuziv biznes modellari bozor sharoitlariga moslashtirilishi kerak, bu yerda institutlar, infratuzilma va ta’lim darajasi nisbatan past, taqdim etilayotgan mahsulotlar va xizmatlar do‘konlarda arzon bo‘lishi, maqbul va faol ravishda reklama qilinishi kerak bo‘ladi. Bunday mahsulotlar tan narxi va sotish bahosi o‘rtasidagi kichik farq bilan tavsiflanadi, ammo savdo hajmi katta bo‘ladi. Bu nafaqat arzon tovarlarni, balki kambag‘allarning qondirilmagan ehtiyojlarini qondiradigan qadriyatlarni yaratishni ham anglatadi.
Shu asosda:
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi inklyuziv biznes uchun to‘siqlarni (masalan qonunlar va normalarning past samaradorligi yoki ularning mavjud emasligi, byurokratiya, qishloq infratuzilmasi va yo‘llarning umumiy rivojlanmaganligi, shuningdek, ta’limning past darajasi) yengib o‘tishda davlat organlari va biznes vakillari o‘rtasida muloqotni tashkil etish zarur.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vaqt-vaqti bilan inklyuziv biznesda investitsiya imkoniyatlarini ilgari surish, rivojlanmagan bozorlarni aniqlash va inklyuziv biznesning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha treninglar o‘tkazib turishi tavsiya etiladi. Inklyuziv biznes bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun har yili o‘tkaziladigan mahsulotlar yarmarkalarini tashkil etish, ularda tadbirkorlar o‘zaro tajriba almashishlari, bir-biri bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi mumkin. Har yili “eng yaxshi inklyuziv biznes modellari tanlovini” o‘tkazish va natijalarni va namunaviy loyihalarni keng omma e’tiboriga havola etish, mavjud tanlovlar doirasida "Yilning eng yaxshi inklyuziv biznes loyihasi" nominatsiyasini taqdim etish samarali maxanizmlardan deb qaraladi.
Davlatning tarkibiy islohotlari. Odatda, yalpi ichki mahsulot o‘sishi yuqori bo‘lgan davlatlar kambag‘allikni kamaytirishda ham katta yutuqlarga erishmoqda. Biroq, dunyo taraqqiyoti tarixida ko‘plab teskari misollarni topish mumkin. Buning sabablari turli xil iqtisodchilar tomonidan turli yo‘llar bilan izohlanadi. Masalan, ba’zi mamlakatlarda (Kolumbiya va Marokash) ushbu vaziyatning sababi iqtisodiy o‘sishga parallel ravishda o‘sib borayotgan daromadlar tengsizligining ta’siri bo‘lishi mumkin (Kolumbiyada faol iqtisodiy o‘sish davrida Jini indeksi 51,3dan 58,3gacha ko‘tarilgan). Boshqa davlatlar (Filippin) uchun davlat muassasalarining ish sifati pastligi va boshqa institutsional omillar ko‘rsatilgan (masalan, Filippinda davlat muassasalarining sifati 1998 yildagi 3,3 dan 2006 yilda 2,5 gacha pasaygan). Binobarin, iqtisodchilar iqtisodiy o‘sishning samaralari avtomatik ravishda aholining barcha qatlamlariga ta’sir qilishi cheklanganligi tufayli davlatning qayta taqsimlash rolini hisobga olishga undaydilar. Shunday qilib, davlat aralashuvi ish bilan ta’minlash, soliqqa tortishning progressiv turi, ijtimoiy xarajatlar va eng kam ish haqi siyosatiga yo‘naltirilgan tarkibiy islohotlarni rag‘batlantirish kabilarni o‘z ichiga olishi lozim.
Shu asosda:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ayollarni ish bilan ta’minlash dasturini mukammalroq ko‘rinishini qabul qilishi, xususan, maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish va bolalarni erta rivojlanish markazlarida bo‘lishlarini rag‘batlantirish, rasmiy ish kunida bandlikni yoki ish vaqtining moslashuvchan davomiyligini va taqsimlanishini ta’minlaydigan yangi ish o‘rinlarini yaratish, ish va ayollarning shaxsiy hayotini muvofiqlashtirish kabi masalalarni inobatga olishi maqsadga muvofiq.
Sanoat siyosati. Rivojlanayotgan davlatlar sharoitida malakasiz ishchi kuchining haddan tashqari ko‘pligi va moliyaviy va moddiy resurslarning yetishmasligi tendensiyasi ustunlik qiladi, bu asosan mehnat resurslarini talab qiladigan sohalarni rivojlantirish maqsadga muvofiqligini bildiradi. Bunga qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va yengil sanoat, shuningdek, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish turlari – montaj, yig‘ish, kompyuter ishlab chiqarish, orgtexnika, sanoat elektr jihozlarining ayrim turlari va elektrotexnika kabi sohalarni kiritish mumkin.
Tegishli ravishda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mehnat talab qiladigan tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli dasturni qabul qilishi maqsadga muvofiq: masalan, to‘qimachilik sanoatini va qo‘shimcha qiymat ulushi yuqori bo‘lgan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va eksport qilish, milliy brendni yaratish, ipak buyumlari, gilam, milliy hunarmandchilik maxsulotlarini ishlab chiqarishga yaqindan yordam berishi mumkin.
Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish. Xizmat ko‘rsatish sohasida, xususan aloqa va axborotlashtirish, maishiy xizmat, bank va biznes xizmatlarida (konsalting, audit, lizing, sug‘urta va boshqalar) kichik biznesni rivojlantirish; qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish, shu jumladan mahsulotlarni tayyorlash va saqlash, qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatish, chorva uchun ozuqani sotish xizmatlari, o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish xizmatlari, veterinariya xizmatlariga alohida e’tibor qaratish lozim.
Qishloq joylarda xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlardan biri bu xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarning statistik ma’lumotlar bazasini (reyestrlarini) takomillashtirish bo‘lishi mumkin. Dunyoning ilg‘or tajribalariga asoslangan mahalliy kamta’minlangan oilalarni jalb etgan holda ekoturizmni rivojlantirish dasturi qabul qilish imkoniyati ham mavjud.
Qishloq xo‘jaligiga oid siyosat. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini chuqur qayta ishlash va rivojlangan mamlakatlarning bozorlariga eksport qilishning ulkan salohiyati saqlanib qolmoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligidagi hosildorlikning o‘sishini, daromadlarining o‘sishini va qishloq aholisining turmush sharoitining yaxshilanishini ta’minlaydi.
Shu asosda:
Qishloq xo‘jaligi uchun zarur infratuzilmani yanada rivojlantirish: ilg‘or mamlakatlar tajribasini o‘rganish, ularning samaradorligini isbotlagan innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va usullar bilan almashish tizimini yaratish. Masalan, Janubiy Koreyaning muvaffaqiyatli amalga oshirgan "Yangi qishloq uchun harakat" loyihasi allaqachon Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoda amalga oshirilmoqda. Yetakchi korxonalar va hududlardan ichki texnologiyalarni jalb qilish, mintaqada maxsus iqtisodiy zonalarni yaratish mumkin.
Jahon tajribasini, xususan, Xitoy va Hindistonni tajribasini hisobga olgan holda, agrar islohotga e’tiborni kichik fermer xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni qayta ishlash va sotishni yengillashtirishga yo‘naltirish kerak. Birinchidan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha kooperativlar ishini rivojlantirish va buning uchun zarur texnologiyalarni jalb qilish jarayonini yengillashtirish kerak. Hukumat mintaqalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xalqaro sertifikatlash markazlarini tashkil qilishi va ularning xizmatlaridan foydalanishini osonligini ta’minlashi kerak, bu esa ishlab chiqarilgan meva va sabzavotlarning bozorini kengaytiradi, qayta ishlashni tashkil qiladi va kamta’minlangan qishloq aholisining daromadlarini oshiradi.
Iqtisodiyotni raqamlashtirish. Axborot texnologiyalarini keng joriy qilish: ta’lim va tibbiy xizmatlarni mobil telefonlar orqali taqdim etish tizimini yaratish, smartfonlar uchun o‘z-o‘zini rivojlantirish uchun barcha kerakli darsliklar yoki dasturlar jamlangan ma’lumotlar, intellektual o‘yinlar tizimini joriy etish.
Innovatsion potensialni rivojlantirish, ijodkorlikni rag‘batlantirishda quyidagilarni inobatga olish:
- ilmiy-tadqiqot ishlariga sarflanadigan xarajatlarni ko‘paytirish;
- yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirishni rag‘batlantirish;
- nashr etilgan ilmiy nashrlar qatorini kengaytirish;
- ekspert-maslahat tuzilmalarini rivojlantirish;
- Aholi tomonidan zarur buyumlar va xizmatlarni topishda sarf-xarajatlar va vaqt xarajatlarini kamaytirish;
- nisbatan qimmat uy-ro‘zg‘or buyumlarini sotib olishga qodir bo‘lmagan va vaqtincha foydalanilmayotgan mulk imkoniyatlarini oshirish maqsadida ijaraga berish xizmatlarini joriy etish;
- narsalarni almashish va xizmatlarni taklif qilish uchun maxsus Internet-saytlar sinfini joylashtirish bo‘yicha milliy dasturni ishlab chiqish.
Investitsiya siyosati. Migrantlarga ularning jamg‘armalarini samarali investitsiya qilishga yordam berish uchun alohida dasturlar ishlab chiqish.
Mintaqaviy siyosat. Har bir mintaqada o‘ziga xos kambag‘allik profillari mavjud bo‘lib, uni o‘rganish uchun aniq choralar ishlab chiqishni talab qiladi. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (kam ta’minlanganlik darajasi yuqori bo‘lgan mintaqa) uchun chora-tadbirlar dasturini aynan kam daromadli ko‘rsatkichlarni hisobga olgan holda ishlab chiqish lozim. Bunda Qoraqalpog‘iston uchun xavf omillari hisoblangan mintaqaning past iqtisodiy rivojlanishi, 16 yoshgacha bo‘lgan aholining ulushi kattaligi, ishsizlik darajasining nisbatan yuqoriligi, daromadlarning beqarorligi kabi muammolardan kelib chiqib ish tutish choralarning samaradorligini oshirishi mumkin.
Uy-joy qurilishi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi shaharlarda arzon uy-joy qurilishi bo‘yicha respublika dasturini qabul qilish va ipoteka kreditlash tizimini rivojlantirish lozim, jumladan:
- rejalashtirish va ishlab chiqish jarayonida ma’muriy xarajatlarni kamaytirish;
- uy-joy narxini pasaytirish;
- yer narxini pasaytirish;
- qurilish sanoatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
- ipoteka kreditlash va jamoaviy kassalar imkoniyatlarini oshirish;
- foiz stavkalari va sotib olingan uy-joy qiymatiga dastlabki badalning ulushini kamaytirish;
- fuqarolar tomonidan jamg‘arma badallari bosqichida shakllantirilgan uy-joy uchun mablag‘larni maqsadli yig‘ish mexanizmini yaratish.
Uy-joy kommunal xo‘jaligini modernizatsiya qilish dasturini qabul qilish:
- ushbu xizmatlarga narxlarning doimiy oshib ketishining oldini olish;
- qishloq aholisining toza ichimlik suvi bilan ta’minlash;
- elektr energiyasi va gazdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
- ularni qish mavsumida uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash.
Axborot siyosati. Qishloq aholisining xabardorligini oshirish uchun yangi harakatni yaratish: gigiyena qoidalariga rioya qilish va antisanitar sharoitda o‘stirilgan mahsulotlardan foydalanmaslik va qayta ishlangan va mikrooziqaviy moddalarga boy oziq-ovqat mahsulotlarini (suv, bolalar uchun oziq-ovqat va boshqalar) sotib olish orqali davolanish uchun katta pulni tejash mumkinligini keng targ‘ib qilish. Masalan, Chilida sut kukuni mikroyelementlar, xususan, temir bilan boyitilgan, bu kamqonlikni tarqalishini uch yil ichida 80 foizga kamaytirgan. Ixtisoslashgan treninglar uyushtirish orqali odamning daromadini oshirish yo‘llarini o‘rgatish, shu bilan birga ovqatlanishni yaxshilashga (mikroyelementlar bilan mahsulotni boyitish) va biofortifikatsiya investitsiyalarni rag‘batlantirishga da’vat etish o‘z samarali natijasini berishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Bosh ilmiy xodimi Baxtishod Xamidov