24 may, shanba
|
Toshkent   29° C

Kambag‘allikni aniqlash mezoni qanday?

Kambag‘allikni aniqlash mezoni qanday?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyeyov Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida mamlakatimizda 10-15 foiz aholi kambag‘allikda yashashi haqida gapirib o‘tdi hamda aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha vazifalar belgilab qo‘yildi.

Shu o‘rinda bitta savol tug‘iladi? Kambag‘allik qanday o‘lchanadi va uning biron bir mezonlari bormi? Kim kambag‘al? Ishsiz aholimi, uy-joyi yo‘q yoki tomorqasi bo‘la turib, daromad ololmayotgan fuqaromi?

Xo‘sh, aholining turmush darajasi qanday o‘lchanadi?

Aholi turmush darajasi va sifati iqtisodiy va ijtimoiy siyosatning, aholi daromadlari va xarajatlarini tartibga solish bo‘yicha siyosat natijasi ko‘rsatkichidir. Turmush darajasini aniqlash uchun “Iste’mol savati”dan, ya’ni muayyan iste’mol darajasini ta’minlovchi tovarlar va xizmatlar majmuidan foydalaniladi.

Iste’molning minimal va ratsional darajasi mavjud. Iste’molning minimal darajasi iste’molchining mavjud bo‘lgan normal sharoitlarni ta’minlash chegarasidan tashqariga chiqaradi, ya’ni u kambag‘allar toifasiga aylanadi. Iste’molning ratsional darajasi bu individ uchun eng maqbul iste’mol miqdori va tarkibidir. Ratsional iste’mol byudjetida xarajatning asosiy qismini nooziq-ovqat tovarlar: maishiy va madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan narsalar, minimal iste’mol byudjet esa inson tanasining normal ishlashi uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun mo‘ljallangan. Iste’molning minimal darajasi qashshoqlik chegarasini belgilaydi. “Qashshoqlik chegarasidan” pastda yashovchi aholi ulushi mamlakatda turmush darajasini tavsiflovchi eng muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, kambag‘allik mezonini aniqlash uchun avvalo iste’mol savatchasining huquqiy asoslarini belgilab olish lozim bo‘ladi.

2020 yil 3 iyun kungi Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga joriy yil 1 oktyabriga qadar tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal iste’mol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Xo‘sh, iste’mol savatchasi qanday aniqlanadi?

Jahon tajribasida aholi yashash minimumini hisoblashning quyidagi usullari mavjud:

Statistik usul. Aholi 10-20% kam ta’minlangan qatlamning o‘rtacha daromadi darajasidagi yashash minimumi. Yuksak rivojlangan davlatlarda qo‘llaniladi.

Sotsiologik usul. Zarur minimal daromadlar haqidagi aholi fikriga tayanib belgilanadi. Odatda, davlatning yashash minimumini o‘rnatish imkoniyatlari bilan aholi fikri to‘g‘ri kelmaydi, biroq bu usul aholining iste’molini to‘g‘ri belgilaydi.

Resurs usuli. Yashash minimumini iqtisodiyotning imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilash. Bu usul ham yuksak rivojlangan davlatlarda qo‘llaniladi.

Normativ usul. Davlat tomonidan minimal iste’mol byudjeti qonun va ijtimoiy normativlar bilan belgilanadi.

Nisbiy usulda rivojlangan davlatning aholisi soni daromadiga ko‘ra teng ikkiga bo‘linadi (yarmi-kam daromadli va qolgan yarmi ko‘p daromadli aholi). Aholini teng ikkiga ajratuvchi daromad mediana daromadi ham deyiladi. AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniyada –medianadan 40% miqdorida, Finlyandiya, Italiya, Gretsiya, Ispaniyada – 50%, Portulagiya va Irlandiyada 60% miqdorida yashash minimumi belgilangan.

Yashash minimumi eng kichik miqdorining tarkibi turli davlatlarda turlicha qilib belgilangan. Masalan, AQShda “iste’mol savatchasi”ga 300 nomdagi, Germaniyada 475 nomdagi, Angliyada 350 nomdagi, Rossiyada 156 nomdagi tovar va xizmatlar kiritilgan.

Iste’mol savatchasi uchta asosiy tarkibiy qismga: oziq-ovqat, nooziq-ovqat va xizmatlarga ajratish mumkin. Iste’mol savatchasidagi oziq-ovqatlar miqdori ulushi aholining turmush darajasini qay darajada ekanligini belgilaydi. O‘zbekiston aholisining aksariyat qismining “iste’mol savatchasi”da oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi ziyod. Xuddi shuni bartaraf etish va iste’mol savatchasida nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlari miqdorini oshirish maqsadida Prezident tomonidan ijro hokimiyati oldiga bir qator vazifalarni belgilab berildi. Bunda asosiy e’tibor, aholini tadbirkorlikka o‘rgatish, bor imkoniyatdan samarali foydalanishga qaratildi.

Ma’lumki, aholimizning ko‘p qismi qishloq joylarda istiqomat qiladi va ularda tomorqa yerlari mavjud. Mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi kam ta’minlanganlar ro‘yxatida turuvchi aholining aksariyatining tomorqasi bo‘lib, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish, tomorqasidan daromad olishni o‘rgatish bugungi iqtisodiyotimizning asosiy maqsadidir.

Iste’mol savatchasining huquqiy asosini yaratish orqali aholi kambag‘allikdan qutulib qolmaydi, balki ularning soniga aniqlik kiritiladi, xolos. Xuddi shu maqsadda aholi daromadini oshirishning eng samarali yo‘li bu fuqarolarni boqimanda kayfiyatdan chiqarish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirishdan iborat bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, “iste’mol savatchasi”ni tasdiqlash va iste’mol byudjeti chegaralarini belgilash munosabati bilan mamlakat iqtisodiyoti, hududlari va tarmoqlarida ish haqining minimal chegaralarini qayta ko‘rib chiqish, ish haqi va iste’mol byudjetining minimal miqdori nisbatlarini aniqlashtirish va ularni bosqichma-bosqich tenglashtirish amaliyotini joriy qilish zarur bo‘ladi.

Oltinoy MAMIROVA,

Oliy Majlis Qonunchlik palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi


Теги:

#Kamabag‘allik

Поделиться: