04 iyun, chorshanba
|
Toshkent   34° C

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning darajasi qanday?

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning darajasi qanday?

Shu yilning 27 iyul kuni Prezidentimiz rahbarligida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakat rahbari ushbu yo‘nalishda yetarli darajada ishlar qilinmayotganini tanqid qildi.

Masalaning bunday ko‘ndalang qo‘yilgani bejiz emas. Yangilanayotgan O‘zbekiston bu kabi illatlardan imkon qadar xoli bo‘lgan davlat bo‘lishi kerak. Chunki ushbu muammo nafaqat mamlakat byudjetidan, demakki xalq cho‘ntagidan aylanib o‘tayotgan juda katta mablag‘, balki mamlakat rivojiga to‘g‘anoq bo‘layotgan to‘siq hamdir.

Buning isbotini rivojlangan demokratik davlatlarda yashirin iqtisodiyotning darajasi pastligi va aksincha, boshqa davlatlarda juda yuqori ekani ham yaqqol ko‘rsatib turibdi. Xususan, aksar rivojlangan davlatlarda yashirin iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 7-15 foiz oralig‘ida, AQSh, Avstriya, Shveysariyada 10 foizga yetmaydi. Aksincha, sobiq ittifoq tarkibiga kirgan davlatlar, bir qator Osiyo va Afrika mamlakatlarida bu ko‘rsatkich yillar davomida nihoyatda baland — YaIMning 30-50 foiz oralig‘ida qolayotganini ko‘rish mumkin. Oqibatda bu muammo ushbu davlatlar iqtisodiyotini pastga tortayotgan og‘ir toshga aylangan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning darajasi qanday? Rivojlangan davlatlar nima hisobiga bunday natijaga erisha olganu, ularning qaysi tajribalaridan O‘zbekistonda foydalanish mumkin?

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning darajasi biror xalqaro reytinglarda aks etmagan. Bu bizda yashirin iqtisodiyot yo‘qligidan emas, balki uzoq yillar davomida mamlakatimizda bunga mas’ul idoralarning xalqaro reytinglarda qatnashmaslikni afzal bilganidadir. Xuddiki muammoni inkor qilsak, u o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘lib qoladigandek.

Umuman, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi ishtiroki keyingi to‘rt yilda amalga oshirilayotgan davlat siyosati mahsulidir. Ana shu siyosat doirasida 2018-2019 yillarda ilk bora yashirin iqtisodiyotning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siriga oid tadqiqotlar o‘tkazildi. Tahlillar yashirin iqtisodiyot darajasi YaIMga nisbatan 40-50 foiz atrofida ekanini ko‘rsatdi.

2019 yilning sentyabrida hozirgi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan “O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot: vaziyatga baho, sabablari va uni qisqartirish yo‘llari” mavzusida davra suhbatining o‘tkazilishi va unda muammoning ochiq muhokama qilinishi ko‘plab xalqaro ekspertlarni hayron qoldirgan va bugungi kundagi O‘zbekistonning ilgari tilga olinmagan ko‘plab muammolarini endilikda ochiqcha muhokama etishga tay yorligini ko‘rsatadigan muhim signal bo‘lgan edi. E’tiborli jihati, Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu muammo ochiq o‘rtaga tashlanganligi ushbu masalaga yondashuvlarda ikkilanish yoki orqaga chekinishga yo‘l yo‘qligini ko‘rsatdi.

Mamlakatlar YaIMida yashirin iqtisodiyot ulushini baholovchi Xalqaro valyuta jamg‘armasi reytingiga murojaat qilsak, O‘zbekistonga o‘xshash ahvolni Ukraina va MDH ga a’zo ayrim mamlakatlar hamda Gambiya, Beliz, Kongo, Gonduras kabi davlatlarda ko‘rish mumkin.

Bunday vaziyatning vujudga kelishi yashirin iqtisodiyotni “gullatishga” hissa qo‘shayotgan “uddaburon tadbirkorlar”ninggina emas, ularga homiylik qilayotgan ayrim amaldorlarning xatti-harakatlari natijasidir. Ming afsuski, bundaylarning o‘z hamyonini o‘ylab qo‘l urayotgan ishlari mamlakat iqtisodiyotiga qanchalik og‘ir yuk bo‘lib tushayotganini, bu qilmish bilan O‘zbekistonni yuqorida tilga olingan davlatlar qatoriga tortayotganini bilishsa-da, bundan to‘xtamayapti. Shuning uchun ham davlat rahbari bu illatlarga nisbatan jamiyatda nafrat tuyg‘usini shakllantirish lozimligini ta’kidlayotgani bejiz emas.

Albatta, O‘zbekiston YaIMida yashirin iqtisodiyotning hozirgi darajasi bir yilda, besh yoki o‘n yilda shakllanib qolmagani aniq. Balki sobiq ittifoq davridan buyon davom etib kelayotgan illatdir. Lekin o‘tgan davrda muammoni tizimli ravishda kamaytirishga doir amaliy choralarga e’tibor qaratilmadi. Faqatgina keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar tufayli o‘tgan 5 yil ichida sanoatda norasmiy sektor ulushi 20 foizdan 6 foizga tushganligini bu borada erishilgan katta natija sifatida e’tirof etish lozim.

Bugungi kunga kelib, bevosita Prezidentimiz tomonidan ushbu muammoning kun tartibiga qo‘yilayotganligi yurtimizda bu masalani kechiktirmasdan bartaraf etmoqqa fursat yetganini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimiz yashirin iqtisodiyotning ulushini kamaytirishni rejalashtirayotgan ekan, u bilan muvaffaqiyatli kurashayotgan davlatlar tajribasi qiziqish uyg‘otishi tabiiy.

Ayniqsa, Yevropa davlatlari tajribasi e’tiborga molik. Ushbu davlatlarning aksariyati yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishda soliq mexanizmlariga birlamchi e’tibor qaratganini ko‘rish mumkin. Chunki aynan soliqlarning yuqori darajadaligi ko‘p hollarda yashirin iqtisodiyotning palak otishiga turtki beradigan omillardan hisoblanadi. Germaniya, Avstriya, Daniya, Shvetsiya, Ispaniya, Turkiyada bu illatga qarshi kurashda tadbirkorlik sub’yektlariga soliq yukini pasaytirish yo‘lidan borilganligini ko‘rish mumkin.

Germaniyada faqatgina uyda mehnat qiluvchilarga soliqlarning kamaytirilishi qisqa muddatda 4,8 mln. shunday faoliyat yurituvchilarni yoki 16 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan aholining 13 foizi rasmiy ro‘yxatdan o‘tib, soliq to‘lovchilar safiga kirishiga asos yaratdi.

Yashirin iqtisodiyotning asosida turuvchi yana bir muammo nolegal ishchi kuchidan foydalanish bilan bog‘liq. Germaniyada bu muammoni hal qilish maqsadida mehnat bozori ustidan nazoratni bosqichma-bosqich kuchaytirish kabi ma’muriy choralar minimal oylik maoshlarni oshirib borish kabi iqtisodiy mexanizmlar bilan birgalikda qo‘llanilmoqda. Mamlakatda anonim tarzda ishga taklif qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ishga taklifga oid e’lonlar ish beruvchi to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlarni o‘zida qamrab olgan bo‘lishi shart.

Bundan tashqari, Germaniya qonunlariga ko‘ra, nolegal mehnat kuchidan foydalangan korxonalar uch yilgacha davlat xaridlarida ishtirok etish xuquqidan mahrum qilinadi. Ispaniyada bunday holatlarda tadbirkorlik sub’yekti juda katta miqdorda jarimaga tortilib, besh yilgacha davlat xaridlarida ishtirok qilishdan chetlatiladi.

Germaniyada eng korrupsiogen sohalardan biri qurilish hisoblangani uchun ushbu tarmoqni tartibga soluvchi qonunlarga ham ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, yirik tenderlarni faqat bitta korxona yutib olishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday tenderlarga bir-biridan mustaqil ikki yoki undan ko‘p tadbirkorlik sub’yekti jalb qilinadi. Ularning bitta odamga yoki manfaatdor birorta tashkilotga bog‘liq ekani aniq bo‘lib qolsa, bu jinoyat ishi ochishga asos bo‘ladi. Yana bir e’tiborli jihati, tenderda yutib chiqqan korxonalarning birortasida nolegal ishchi jalb qilinish yoki ijtimoiy to‘lovlardan qochish holatlari aniqlansa, buning uchun kollegial javobgarlik belgilangan — qurilishda ishtirok etayotgan barcha tadbirkorlik sub’yektlari birgalikda javobgarlikka tortiladi.

Yevropada davlat xodimlarining yashirin iqtisodiyotga yoki boshqa korrupsion holatlarga aralashib qolishining oldini olish maqsadida qonunchilikda bir qator normalar ko‘zda tutilgan. Xususan, Buyuk Britaniyada vazirlikka da’vogar lavozimga tayinlanishdan oldin o‘zining ko‘chmas mulklari, daromad manbalari to‘g‘risida haqqoniy hisobot taqdim etishi lozim. Agar keyinchalik biror ma’lumot yashirilgani aniqlangudek bo‘lsa, bu holat vazirning iste’fo berishiga asos bo‘ladi. Germaniyada davlat tizimidagi lavozimni egallagan rahbar shaxs na o‘zi, na ishonchli vakillari orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, tadbirkorlik sub’yektlari boshqaruvida yoki ularning nazorat kengashlari faoliyatida ishtirok etishi mumkin emas. Mamlakat qonunchiligida nafaqat korrupsiya holatlariga, balki noqonuniy yo‘l bilan topilgan daromadni legallashtirishga bo‘lgan harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka ham juda katta e’tibor qaratilgan.

Kanada qonunchiligida parlament vakillarining korrupsiyaga aralashishi Konstitutsiyaga qarshi harakat va hatto davlatga xiyonat bilan baravar holat sifatida baholanadi.

Ushbu davlatlarning barchasida ko‘rib chiqilayotgan masalalar bilan alohida vakolatli tashkilotlar shug‘ullanadi.

Alohida e’tiborga molik jihatlaridan biri — mazkur davlatlar jamoatchiligida har qanday iqtisodiy maxinatsiyalar va korrupsiya holatlariga nihoyatda qattiq salbiy munosabat shakllanganligi. Jamiyatda ushbu illatlarga nisbatan shakllangan bunday fikr ularga qarshi kurashda juda katta tayanch nuqtalardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Xitoy, Hindiston, Filippin, Mo‘g‘iliston va Vetnam kabi davlatlar ham keyingi yillarda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda katta muvaffaqiyatlarga erishganini alohida ta’kidlash joiz. Ularda ba’zi o‘ziga xos yondashuvlar ham qo‘llanilmoqda. Masalan, Filippinda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda keng jamoatchilik kuchiga tayanilganligini ko‘rish mumkin. Aholining katta qismiga xizmat qiluvchi kichik savdo shoxobchalarida “Chekni talab qil” kabi aksiyalarning o‘tkazilishi ularda bankdan tashqari pul aylanishiga barham berishga xizmat qilgan. Dunyo amaliyotida O‘zbekiston uchun ham qiziqish uyg‘otadigan ko‘plab o‘ziga xos boshqa yondashuvlar ham mavjud.

Yuqorida qayd etilgan yig‘ilishda mamlakatimiz rahbari tomonidan juda muhim, ta’kidlash kerakki, asosiy qadam qo‘yildi — eng yuqori darajadan turib muammoning mavjudligi va uning darajasi to‘g‘risida baralla aytildi, uni qisqartirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Endigi masala vazifani tezlikda hal qilish, ya’ni muammoga qarshi kurashish borasida puxta ishlangan strategiyani ishlab chiqish. Belgilangan ishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan bir g‘oya ayniqsa muhim, u ham bo‘lsa, davlat, biznes va keng jamoatchilikning yaqin hamkorligini ta’minlash.

Yashirin iqtisodiyot — ijtimoiy muammo. Aynan shuning uchun ham u bilan faqatgina davlat imkoniyatlari bilan kurashish yetarli bo‘lmaydi. Jamiyatdagi boshqa kuchlar, birinchi navbatda, tadbirkorlar, keng jamoatchilik bu muammoga o‘z muammosi sifatida qarasagina, uni hal qilishda sezilarli natijalarga erishish mumkin. Demak, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot orqali bugun ularning ishiga xalaqit berayotgan muammolar nimadan iboratligini aniqlash va o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini beradi.

Bu jarayonlarda barcha, xususan, siyosiy partiyalar, mas’ul idoralar, biznes sub’yektlari va keng jamoatchilik o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot maydonlarini shakllantirishlari lozim. Ushbu maydon mavzuga doir og‘riqli muammolarni qo‘rqmasdan ko‘tarib, ularga mos yechimlarni taklif qila olsa, davlat rahbari ilgari surgan muammolarni hal qilishda o‘zlarining real hissalarini qo‘shgan bo‘lar edi.

Albatta, g‘oyat mashaqqatli va tinimsiz kurashish talab etiladigan ishlarning barchasini bajarish mumkin, keng jamoatchilik, ayniqsa, tadbirkorlik sub’yektlarini bu umumxalq ishiga keng jalb qila olsak, yangilanayotgan O‘zbekistonda shu kabi masalalarga yechim topiladi, mamlakatimiz kelajakda yuqoridagi reytinglarda o‘z munosib o‘rnini egallaydi.

Baxtiyor YaKUBOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi

raisining o‘rinbosari

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasining 146-soni


Теги:

#"Yashirin iqtisodiyot"

Поделиться: