Yashirin iqtisodiyot xavfsizlikka tahdid soluvchi hodisa
- 3.08.2020 22:19
- 309

Har qanday mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti mavjud ichki va tashqi imkoniyatlarga bog‘liq bo‘ladi. Bunday imkoniyatlarni yuzaga chiqarishda yashirin iqtisodiyotni legallashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Yashirin iqtisodiyotning mavjudligi, uning ko‘lami, ta’sir doirasi, hisobga olinmagan iqtisodiy faoliyatni legallashtirish chora-tadbirlari samarasi mamlakat rivojiga ijobiy ta’sir qiladi.
2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham iqtisodiy salohiyatni aniqlash va mavjud imkoniyatlarni to‘laqonli ishga solish, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish vazifalari yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirish, iqtisodiyotning ochiqligini ta’minlashga yo‘naltirilgan.
Yashirin iqtisodiyot – bu moddiy ne’matlar va xizmatlarni iqtisodiyot sub’yektlari tomonidan yashirin tarzda ishlab chiqarish, alohida fuqarolar va ijtimoiy guruhlar o‘rtasida amalga oshiriluvchi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlardir. Bu munosabatlar amalda mavjud, lekin hisobga olinmagan, qonunchilikni chetlab o‘tish mumkin bo‘lgan, nolegal daromad topish usulidir.
Yashirin iqtisodiyot mavjudligining ob’yektiv va sub’yektiv sabablari bor. Ob’yektiv sabablari – bu davlatning iqtisodiyotga haddan ortiq aralashuvi, qonunchilikning nomukammaligi, turli to‘siqlarning mavjudligi, iqtisodiy faoliyat turlarini hisobga olishning metodologik ishlanmalarini yaratilmaganligi, biznes muhitining yaxshi emasligi, soliq yukining yuqoriligi va boshqa ob’yektiv holatlardir.
Sub’yektiv sabablar – bu kishilarning iqtisodiy ongi, qarashlari, kamxarj qilib, ko‘proq daromad topishga intilishi, buning uchun turli noqonuniy yo‘llarni axtarishi, soliqdan qochish, hatto ma’naviy madaniyatning yetishmasligi, korrupsiyaga moyillik, tartib-qoidalarga bepisand qarash va shunga o‘xshash boshqa su’yektiv holatlardir. Ushbu sabablar mavjudligi o‘laroq, yashirin iqtisodiyot mohiyatiga ko‘ra bir nechta ko‘rinishlarga ega bo‘ladi.
Yashirin iqtisodiyot ko‘rinishlari qo‘yidagilarda namoyon bo‘ladi:
- iqtisodiyotni soxtalashtirish, ya’ni iqtisodiy ko‘rsatkichlarni mavjud holatga nisbatan bo‘rttirib ko‘rsatish, soxta natijalarni haqiqiy natija sifatida kiritish (qo‘shib yozishlar);
- iqtisodiyotning norasmiy sektori, ya’ni tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish jarayonidagi norasmiy aloqalar tizimining amal qilishi. Bunda o‘zaro manfaatdor shaxslarning birgalikdagi norasmiy munosabatlari iqtisodiy tizimni qaror toptiradi;
- pinhoniy iqtisodiy munosabatlar, ya’ni taqiqlangan iqtisodiy faoliyat turi bilan mashg‘ul bo‘lish, iqtisodiy faoliyat turini qonunchilik nazoratidan yashirish, rasman belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritish.
Kishilar tabiatining farqlanishi, ziddiyatli doimiy kurashning mavjudligi, jamg‘arishga bo‘lgan moyillik, farovon hayot kechirishga intilish, dangasalik, kam mehnat sarflab ko‘proq daromaga ega bo‘lish, transaksiya xarajatlarining yuqoriligi, qonunga bo‘ysunish nisbiyligi, raqobat kurashining ayovsizligi, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining notekis rivojlanishi, yuqori inflyasiya, almashuv kurslarining keskin o‘zgarib turishi, soliqqa tortish tizimining nomukammaligi, ijtimoiy tabaqalashuvda «xavf guruhlari»ning mavjudligi, mehnat qonunchiligining buzilishi, muhojir ishchilar, ayollar va o‘smirlar mehnatidan foydalanishda ijtimoiy adolat prinsiplariga rioya etilmaslik, tadbirkorlar huquqining paymol qilinishi, bozordagi o‘zgarishlar bilan mavjud qonunchilik bazasining muvofiq kelmasligi, kreativ yondoshuvlarning yetishmasligi, pul-kredit siyosatidagi kamchiliklar, soliq yukining og‘irligi, soliq ma’murchiligining takomillashmaganligi, pul agrigatlari o‘rtasidagi nomutanosibliklar va shu kabi boshqalar yashirin iqtisodiyotni qaror topishiga omil bo‘lib xizmat qiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, yashirin iqtisodiyot miqyosi va dinamikasini belgilovchi omillarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
- Antropologik omillar.
- Iqtisodiy omillar.
- Ijtimoiy omillar.
- Xuquqiy omillar.
- Axloqiy omillar.
- Siyosiy omillar.
- Moliyaviy omillar.
- Geografik omillar.
- Baynalminal omillar.
Yashirin iqtisodiyot holati, uning amal qilish xususiyatlari va muammolar yechimini yuqorida ko‘rsatilgan 9 ta omillar tahlilini tizimli amalga oshirish orqali tadqiq qilish talab etiladi.
Tadqiqot natijalari shuni belgilaydiki, agar soliq va ijtimoiy to‘lovlarning YaIMga bo‘lgan nisbati 33 foiz bo‘lsa, bu yashirin iqtisodiyot ko‘payishining keskin nuqtasi hisoblanadi. Dunyodagi mamlakatlarda yashirin iqtisodiyotning rivojlanish tendensiyasi uning YaIMdagi ulushi 196 yillarda AQSh - 6,4 foiz, Niderlandiya – 5,6 foiz, Fransiya – 5 foiz, Germaniya - 4,6 foiz, Italiya – 4,4 foiz, Yaponiya, Irlandiya va Shveysariya – 12 foizni tashkil etgan. 1970 yillarda yashirin iqtisodiyot ko‘rsatkichlari Gollandiya va Belgiyada(12,1foiz) avj olgandi. Avstriya, Fransiya, Italiyada ham uning ulushi ortib borgan. Uning nisbatan past ulushi Angliya, AQSh, Finlandiya, Yaponiya va Shveysariya davlatlarida kuzatilgan. 1980 yili Norvegiyada yashirin daromadlarni aholining taxminan 18 foizi olgan, aholisining 37,5 foizi yashirin iqtisodiyot bilan bog‘liq sohalarda ishlagan. Keyingi yillarda yashirin iqtisodiyotning YaIMdagi ulushining eng yuqori darajasi MDH mamlakatlariga to‘g‘ri kelib, 1248 foizni va ba’zi ma’umotlarda esa 2560 foizni tashkil etgan. Ikkinchi o‘rinda YeIga a’zo bo‘lgan sobiq o‘tish iqtisodiyoti mamlakatlari bo‘lib, ularda YaIMning 1012 foizni tashkil etishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Amalda yashirin iqtisodiyot quyidagi shakllarda amal qiladi:
- yashirin ishlab chiqarish (noqonuniy, hisobga olinmagan, yashirin, mayda ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarishi, sifatsiz mahsulot chiqarish, ishlab chiqarish resurslaridan noto‘g‘ri foydalanish va boshqalar);
- yashirin taqsimot (daromadlarni noqonuniy taqsimlash, maxsus taqsimot, davlat mulkini talontoroj qilish. fuqarolarning shaxsiy mulkiga qarshi jinoyatlar va h.k.);
- yashirin ayirboshlash (g‘ayriqonuniy savdo, xaridorlarni aldash, noqonuniy ishlab chiqarilgan mahsulotni sotish va boshqalar);
- yashirin iste’mol (g‘ayriijtimoiy ehtiyojlarni qondirish, noqonuniy yo‘l bilan topilgan mulkni iste’mol qilish, xizmatlardan noqonuniy foydalanish kabilar) ajratiladi.
Bozorlar turlariga ko‘ra, yashirin jarayonlar iste’mol buyumlari, ishlab chiqarish vositalari, ish kuchi va ish joylari, axborot va texnologiyalar, kapital kabilar bozorida amalga oshiriladi. Tarmoq belgisiga ko‘ra, yashirin iqtisodiyot sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, savdo iqtisodiyoti kabilarga ajratiladi.
Yashirin iqtisodiyot xavfsizlikka tahdid soluvchi hodisa, shu sababli yashirin iqtisodiyot iqtisodiy hodisa sifatida talqin etiladi. Yashirin iqtisodiyotning iqtisodiy mohiyati va huquqiy baholanishini farqlash zarur. Iqtisodiy jihatdan bu erkin bozor qonun qoidalariga mos kelmaganidan yashirin yuz beradigan munosabatdir. Bu munosabatda barcha yashirin unsurlarning manfaati uyg‘unlashadi. Bu yerda ayrim shaxslar yoxud guruhlar manfaatining amalga oshishi davlat va jamiyat manfaatlariga mos kelmaslik hisobidan bo‘ladi. Shu sababdan buni jamiyat qabul qilmaydi, u yashirin tus oladi. Jamiyatga ma’qul hodisalarni yuridik qonunlar tartiblaydi. Shuni nazarda tutib, yashirin iqtisodiy faoliyatni huquqiy jihatdan g‘ayriqonuniy, qonunlar man etadigan iqtisodiy faoliyat deb aytish mumkin. Yashirin iqtisodiyot global hodisa, undan zarar ko‘rmagan mamlakat yo‘q, lekin yashirin iqtisodiyot darajasi har xil bo‘ladi. Bu yashirin iqtisodiyot ildizlari chuqur bo‘lishidan guvohlik beradi. Yashirin iqtisodiyot sabablari har xil talqin etiladi. Ular ob’yektiv va sub’yektiv bo‘lishiga e’tibor beriladi. Ular orasida qonunchilikning nomukammalligi, demokratiya tamoyillari va uning institutlari rivojlanmaganligi, davlatning kuchsizligi ajratiladi. Yashirin iqtisodiyotniig mavjudligini iqtisodiy tizimning o‘zidan qidirish kerak.
Yashirin iqtisodiyot iqtisodiy hodisa bo‘lar ekan, uning iqtisodiy ildizlarini topish kerak. Bu ildizlar pul munosabatlarining o‘zida joylashgan, pul universal to‘lov vositasi, uni hamma operatsiyalar uchun qabul qilishadi, pul boylikning timsoli, boylik to‘plashning eng qulay shakli. Puldagi eng yuksak likvidlik xususiyati uni ko‘proq topishga intilishdir, pulni saqlash xavfsiz, uni xoxlaganicha jamg‘arish mumkin. Pul likvidligi eng yuqori bo‘lgan aktivdir, likvidlikni esa pulning qadr-qiymati ta’minlaydi. Pul ko‘zdan yashiringan moliyaviy aloqalar o‘rnatish imkonini beradi.
Bozor tizimi hozirchalik to‘la mukammal emas, uning mexanizmlarida uzilishlar bo‘lib turadi va bu yashirin iqtisodiyotga qulay sharoit hozirlaydi. Demak, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashning eng ma’qul yo‘li bu bozor munosabatlarining o‘zini takomillashtirishdir.
Yashirin iqtisodiyotni lobbizm ham keltirib chiqaradi, biroq har qanday lobbizm bunga olib kelmaydi. Ruxsat berilgan, jamiyat tan oladigan lobbizm borki, bu ochiq bozor aloqalariga tayanadi. Bunda u yoki bu guruh shaxslar yoki firmalar manfaatiga mos keladigan, lekin jamiyat uchun zararsiz bo‘lgan qarorlarni davlat idoralari tomonidan qabul qilish zarurligini asoslash va bunga ko‘maklashish bilan bog‘liq lobbizm yashirin iqtisodiyotni tavsiflamaydi, chunki bu yerda bozor qoidalariga binoan lobbistik xizmatlardan ochiqchasiga ularni haqini to‘lagan holda foydalanish yuz beradi. Ammo shu bilan birga yashirin lobbistik xizmatlar borki, ular individual va korporativ manfaatlarni himoya qilgani holda boshqalar manfaatiga zid ishlarni amalga oshirilishini bildiradi. Shunday bo‘lganda g‘ayriqonuniy lobbizm paydo bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, yashirin iqtisodiyotning ko‘lamini qisqartirishda quyidagilarga e’tibor qaratish lozim:
- yashirin iqtisodiyotni rivojlantirishga sabab bo‘layotgan barcha omillarni kompleks o‘rganish;
- yashirin iqtisodiyot oldini olish mahalliy va xorijiy tajribalarni o‘rganish asosida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash milliy strategiyasi va taktikasini ishlab chiqish;
- yashirin iqtisodiyotni pasaytirishga xizmat qiladigan yangi qonunlar ishlab chiqish va mavjudlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
- yashirin xo‘jalik yurituvchilar kapitallariga amnistiyani qo‘llash;
- biznes uchun qulay huquqiy va xo‘jalik muhiti, birinchi navbatda, soliq rejimini yaratish va qo‘llab-quvvatlash;
- iqtisodiyotning real sektoriga investitsiya kiritish uchun qaratilgan pul mablag‘larining legallashtirilishini tasdiqlovchi yuridik institutlar mexanizmini ishga tushirish;
- elektron hukumat, tijorat, xizmat, to‘lov va shu kabilarni tezkor joriy etish va rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish, ularni amaliyotga tatbiq etilishini kengaytirish.
Professor Rustam Xasanov,
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari
Ushbu maqolada bildirilgan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari bo‘lib, tahririyat yoki O‘zbekistondagi boshqa biror muassasa nuqtai nazarini aks ettirmaydi.