Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zolikning savdo-transport yo‘nalishidagi afzalliklari
- 16.10.2019 15:50
- 3.7K

O‘zbekiston Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zo bo‘lishning ijobiy va salbiy tomonlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning iyun oyi oxirida parlament sessiyasidagi nutqida to‘xtalib o‘tgan edi.
Iqtisod fanlari doktori, professor Dilfuza Raximova "Iqtisodiy tahlil" jurnali uchun respublika YeOIIga a’zo bo‘lsa, qanday savdo–transport yo‘nalishida afzalliklarga ega bo‘lishi haqida gapirib berdi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, YeOII MDHda eng ilg‘or integratsion loyiha hisoblanib, Yevropa Ittifoqidan keyin chuqur iqtisodiy integratsiyalashgan strukturaga ega dunyodagi ikkinchi katta tashkilot sifatida faoliyat yuritadi.
Ittifoqning bir qismi sifatida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat harakati erkinligi, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida muvofiqlashtirilgan, kelishilgan yoki yagona siyosatni amalga oshirish ta’minlanadi. A’zo davlatlarning moliyaviy-iqtisodiy resurslarini birlashtirish, Ittifoq ichidagi integratsion hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika sohalarida umumiy salohiyatdan faol foydalanish YeOII rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda.
2016-2018 yillarda YeOII mamlakatlari bilan O‘zbekistonning umumiy tovar aylanmasi ikki tomonlama erishilgan kelishuvlarga ko‘ra 52 foizga, 9,65 mlrd. O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining qariyb 30 foizini tashkil etgan.
Respublika YeOII mamlakatlariga 4 milliard dollardan ortiq mahsulot eksport qiladi. Bu ko‘rsatgich 2016 yilga nisbatan 40,4% ga yuqori bo‘lgan.
Hozirgi kunda YeOII doirasidagi savdo Belorusiya tashqi savdosining 52,6%, Qirg‘izistonning 42,8%, Armanistonning 29%, Qozog‘istonning 23% ni tashkil etadi, bu esa mamlakatlarning YeOIIning yagona bozoriga bo‘lgan qiziqishning ortishini bildiradi.
Birgina istisno – bu Rossiya iqtisodiyotidir, uning ulushi iqtisodiyot hajmini hisobga olgan holda taxminan 9% ni tashkil etadi.
Qozog‘iston YeOII doirasida ayrim sohalarda Ittifoq bozoriga eksportni ko‘paytirishga muvaffaq bo‘ldi: metal va metal mahsulotlari ( 15,4% ga o‘sish), mashinasozlik mahsulotlari ( 6,2%), to‘qimachilik, kiyim-kechak va poyabzal (28%), yog‘och va qog‘oz mahsulotlari (44%).
Armanistonning YeOIIdagi ishtiroki Yerevandan Rossiyaga 87% eksportning oshishiga, shu jumladan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini keng ko‘lamda eksport qilish imkonini berdi.
2016 yildan boshlab Qirg‘izistonning tashqi savdo aylanmasi yiliga 10% dan yuqori darajada o‘sib bormoqda.
2018 yilda O‘zbekiston yuklarining eksport, import va tranzit temir yo‘l yo‘nalishlari bo‘yicha tashishlar umumiy hajmida YeOIIga a’zo davlatlarning ulushi mos ravishda 67%, 71% va 78% ni tashkil etgan.
Qozog‘iston orqali O‘zbekiston eksport yuklarining umumiy hajmining 90%ini YeOIIga a’zo mamlakatlarga yuborilgan. 2018 yil yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston temir yo‘l transporti orqali tranzit hajmi 17 mln. tonnani tashkil etgan.
Ayni paytda YeOIIga a’zo davlatlarning yuklarini O‘zbekiston Respublikasining avtomobil yo‘llari orqali tashish yiliga 648 ming tonnani tashkil etadi.
Masalan, Armanistonning 2015 da YeOIIga qo‘shilgandan so‘ng, yuk tashish hajmi 200,7% ga oshgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu mamlakatning tranzit salohiyati O‘zbekistonnikidan ancha pastdir.
2018 yilda O‘zbekiston avtomobil yo‘llari orqali eksport, import va tranzit yuklarini tashishning umumiy hajmida YeOIIga a’zo davlatlarning ulushiga mos ravishda 51,4%, 58,2% va 41% ni tashkil etgan.
Armaniston 2015da YeOIIga kirgandan so‘ng, avtomobil va temir yo‘l marshrutlarida yuklarni tashish xizmatlari narxi ketma-ket 18% va 21% ga kamaygan.
Qirg‘izistonning YeOIIga to‘liq a’zo sifatida ishtirok etishi xalqaro qatnovlarga aviachiptalar narxini 14% ga, yuklarni havo yo‘li bilan tashish narxini 17% ga kamaytirishga yordam berdi.
Shu bilan birga, hamkorlar bilan birgalikda mamlakatning transport infratuzilmasi yaxshilanadi, eng muhimi mamlakatlar hududidan o‘tuvchi transkontinental yo‘llar orqali xalqaro transport koridorlarga qo‘shiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonning YeOIIga kirishidan quyidagi xulosalar chiqarish mumkin:
- o‘zaro savdoda tartib-qoidalar soddalashtiriladi;
- eksport bojlari olib tashlanadi;
- mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi oshadi, asosan, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda o‘sish mumkin;
- yuk tashish xarajatlari kamayadi;
- yangi tranzit oqimlari jalb etiladi.
Raximova Dilfuza Nigmatovna,
iqtisod fanlari doktori, professor