Jahon banki 30 yil muddatga shartlar asosida 500 mln dollar mablag‘ ajratadi
- 12.08.2020 09:09
- 157

11 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
Qaror bilan Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihaning ustuvor yo‘nalishlari, mablag‘dan foydalanish sxemasi va tartiblari belgilab berilgan.
Unga ko‘ra, umumiy qiymati 659,3 mln AQSh dollariga teng va 6 yilga (2020–2026 yillar) mo‘ljallangan ushbu loyihaga Jahon banki tomonidan 30 yil muddatga quyidagi shartlar asosida jami 500 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratiladi:
- 10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 181 mln AQSh dollari miqdorida qarz;
- 10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 100 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit;
- 5 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 219 mln AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit.
Belgilanishicha, loyihada O‘zbekiston Respublikasining ulushi – 159,3 mln AQSh dollarini, shu jumladan, soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni to‘lash shaklidagi ulush – 124,3 mln AQSh dollarini tashkil qiladi.
Prezident qarori bilan loyiha doirasida moliyalashtirishning ustuvor yo‘nalishlari ham belgilab berilgan. Unga ko‘ra, ajratiladigan mablag‘lar:
- qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot, ta’lim va maslahat xizmatlarining ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan samarali tizimini yaratish;
- qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, statistik ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va tarqatishning ishonchli va shaffof usullarini joriy etish;
- oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda «Daladan iste’molgacha» tamoyili asosida sifat nazoratini kuchaytirish, agrologistika, yo‘l va boshqa zarur infratuzilmani yaratish;
- eksportni rag‘batlantirish, xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, eksportbop yuqori qo‘shilgan qiymatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish borasida qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish;
- qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ini diversifikatsiyalash, sohada davlat ishtirokini kamaytirish, kooperatsiya tizimini rivojlantirish hamda sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;
- yer va suv resurslari, o‘rmon fondidan oqilona foydalanish;
- sohaga boshqaruvning zamonaviy tizimlarini joriy etish, xizmat ko‘rsatish servisini takomillashtirish kabi maqsadlarda yo‘naltiriladi.