Boy bo‘lishning “ko‘rinmas” imtiyozlari
- 25.08.2020 10:28
- 164

Ko‘p hollarda iqtisodiy o‘sish (bozor munosabatlarini qo‘llab-quvvatlash, biznesni rivojlantirish) kambag‘allikni kamaytirishdagi asosiy omil deb qaraladi va har qanday iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan siyosat tegishli ravishda kambag‘allikni ham kamaytirishga xizmat qiladi, deb tushuniladi. Chunki iqtisodiy o‘sish daromadlar o‘sishi degani, daromadlar o‘sishi esa insonlar, shu bilan birga, kam ta’minlanganlar farovonligining oshishiga olib keladi.
Ammo, amaliyot shuni ko‘rsatdiki ba’zi hollarda iqtisodiy o‘sish avtomatik ravishda kambag‘allikni kamayishiga olib kelmayapti. Aks holda, jamiyatdagi boy qatlamning yanada boyishini ta’minlaydi xolos.
Xalqimizda “Pul pulni keltiradi”degan naql bor. Amaliyotda bu qonuniyat yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, puli bor odam o‘z mablag‘larini bankka qo‘yib foizlari hisobiga ishlamay kun kechirishi mumkin yoki ko‘chmas mulk sotib olib ijara puliga yoki biror bir biznesga “oborot”ga qo‘yib o‘z mablag‘larini ko‘paytirishda davom etishi mumkin. Tabiiyki, puli ko‘p odamning atrofida tanish-bilishlar ko‘p bo‘ladi, aloqalar yaxshilanadi va ish bitishi oson kechadi. Bu boy bo‘lishning “ko‘rinmas” imtiyozi hisoblanadi.
Ikkinchi tarafdan, kambag‘al puli kamligi hisobiga daromad oshishi manbai bo‘lgan ta’lim (diplom) olishga vaqt va mablag‘ sarflay olmaydi, aks holda och qoladi. Bundan tashqari, hozirgi ekologiya yomonlashishi sharoitida yetarli moddalarga boy oziq-ovqat tanovul qila olmaydi, bemor bo‘lib qolgan taqdirda chet joyda yashagani hisobiga tibbiyot xarajatlari ustiga yo‘l kira xarajatlari ham qo‘shiladi. Qiynalib orttirib yig‘gan mablag‘lari esa inflyasiya ta’sirida qadrsizlanib ketadi. Demakki, ular kambag‘allik botqog‘ida qolib ketaveradilar.
Afsuski, bozor sharoitida bu muammoni yechishning iloji yo‘q. Buni nazariya ham, amaliyot ham tasdiqlaydi. Bozor nazariyasi asosiy e’tiborni jamiyat miq’yosidagi samaralilikni maksimal darajaga oshirishni maqsad qilgani sababli (The First Welfare Theorem – Birinchi farovonlik nazariyasi), jamiyat ichidagi a’zolar o‘rtasidagi boylik taqsimoti masalasi e’tiborsiz qoladi. Natijada, jamiyatdagi hamma boylikni bir kishi iste’mol qilishi ham “pareto optimal” (samaralilik jihatdan eng yaxshi) yechim bo‘lishi mumkin. Amaliy jihatdan qaraganda ham, bozor nazariyasiga eng yaqin hisoblangan AQSh iqtisodiyotida kishilar o‘rtasidagi tengsizlik izchil oshib bormoqda. Eng boy 0,1% odamning daromadi va 90% kam daromadli aholi orasidagi farq 70-yillarda 35 martani tashkil etgan bo‘lsa, hozirda 200 barobarga yetgan. Xitoyda ham ochiqlik siyosati boshlangandan keyin daromad tengsizlik darajasi tez o‘sa boshlagan. Jumladan, eng boy 10% aholining daromadlari 80-yillarda barcha aholi daromadlarning 26%ni tashkil etgan bo‘lsa, 2008 yilga kelib 42%ga ko‘tarilgan.
Buning ustiga, Xalqaro valyuta jamg‘armasining so‘rovlari shuni ko‘rsatadiki, rivojlanayotgan mamlakatlarda yashovchi aholining 70 foizi u yerda yaratilgan iqtisodiy munosabatlar tizimi faqat boy qatlamni rag‘batlantiradi. Natijada kambag‘allar va boylar o‘rtasidagi tafovutning oshish muammosi ular uchun juda dolzarb va hukumat e’tibor berishi kerak bo‘lgan soha hisoblanadi.
Natijada hozirgi kunda bozor nazariyasi iqtisodiyotga davlat aralashuvini ba’zi bir o‘rinlarda o‘rinli deb biladi (The Second Welfare Theorem – Ikkinchi farovonlik nazariyasi). Davlat aralashuvi ayniqsa, daromadlar tengsizligi darajasini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Bugun mamlakatlar hukumatlarining e’tibori iqtisodiy siyosatning yangi usullarini izlashga qaratilgan. Bunday usullarning eng mashhurlari jumlasiga kambag‘allikni kamaytirish, yangi barqaror ish o‘rinlarini tashkil yetish, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, inson kapitali sifatini yaxshilash va atrof-muhitni asrash kabilarni kiritish mumkin (MVF, 2013; Vsemirniy bank, 2013; Kumah and Sandy, 2013; Jaumotte, Lall and Papageorgiou, 2012; McMillan and Rodrik, 2011).
Asosiy xulosa shundan iboratki iqtisodiy o‘sishga yo‘naltirilgan siyosat har doim ham kambag‘allikni kamayishiga xizmat qilmaydi. Shuning uchun ham iqtisodiy siyosat ko‘rinishlari iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi va kambag‘allikni kamaytirishga xizmat qiluvchi turlarga ajratish mumkin. Jumladan, innovatsiyalarni rivojlantirish, investitsion muhitni yaxshilashga yo‘naltirilgan siyosat iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qilsa, progressiv soliq siyosati, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va barcha aholi qatlamlari uchun teng imkoniyatlarni yaratish siyosati kambag‘allikni kamaytirishga turtki beradi, bandlikni oshirish, korrupsiyani kamaytirish, ta’lim sifatini yaxshilash kabilar esa ham iqtisodiy o‘sish, ham kambag‘allikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy o‘sish va kambag‘allikni kamaytirishga yo‘naltirilgan iqtisodiy siyosati
Korrupsiyani kamaytirish kambag‘allar holatini yaxshilash bilan bevosita bog‘liq. Ko‘p hollarda esa korrupsiya boshqalar, pora bermaganlar zarariga ishlaydi. Undan tashqari korrupsiya aholiga qo‘shimcha soliq yuki hisoblanadi. Qonunchilikda odamlar uchun yaratilgan teng imkoniyatlardan foydalanishdan mahrum qiladi.
Ish joylari yaratish kishilarga daromad manbai yaratishdir. Eng kam ish haqi darajasini to‘g‘ri belgilash, odamlarning rasmiy ishlashini ta’minlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, kambag‘allarning boshqalar tomonidan “ekspluatatsiya” qilinishini kamaytiradi.
Progressiv soliq siyosatini qo‘llash ko‘p daromadli kishilarni kattaroq va kam daromadlilarni kamroq soliqqa tortishni ta’minlaydi. Bu “pul pul keltiradi” tamoyili yaxshi ishlaydigan jamiyatlarda adolatli qaror hisoblanadi. Ya’ni daromadlar o‘rtasida 200 barobar farq bo‘lishi ba’zilar boshqalardan 200 barobar unumli ishlaydi degani emas. Bu soliq siyosati ko‘p mamlakatlarda qo‘llaniladi.
Ta’lim sifatini yaxshilash hammaga birday imkoniyat yaratish yo‘lidagi bir qadam. Chunki ta’limning keyingi bosqichiga o‘tishni daromadlar emas, balki qobiliyatlar belgilaydi. Undan tashqari har qanday bilim kishi unumdorligiga ta’sir etib, daromad oshishini ta’minlaydi.
Innovatsiyalar iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi va shu bilan birga past bilim talab qiladigan ish joylariga talabni pasaytirib yuqori bilim talab qiladigan ish joylariga talabni oshiradi. Bu o‘z navbatida kambag‘al qatlamga salbiy ta’sir qilib, daromadlar tengsizligini keltirib chiqarishi mumkin.
Shunday ekan, bugungi kundagi kambag‘allikni kamaytirishga alohida e’tibor berishni talab etayotgan davlat siyosati nazariy va amaliy jihatdan asoslangan strategiya bo‘lib, kambag‘allikni kamaytirishga samarali kurashish imkonini beradi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Bosh ilmiy xodimi Baxtishod Xamidov