Toshkentda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga oid xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi
- 16.02.2020 23:52
- 102

18 fevral kuni Toshkent shahrida "O‘zbekiston Respublikasida davlat va jamiyat qurilishining yangi bosqichi, mamlakatni demokratik modernizatsiyalashda parlament va hokimiyatning vakillik organlari rolini oshirish" mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabar qilmoqda.
Konferensiyada yetakchi konsalting kompaniya rahbarlari ham ishtirok etadi
Xalqaro konferensiyada Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar, sud tizimi, huquqni himoya qilish organlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, O‘zbekiston Respublikasidagi diplomatik missiyalar va xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar, yetakchi konsalting kompaniyalar rahbarlari ishtirok etadi.
Konferensiyada taklif va tavsiyalar ko‘rib chiqiladi
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan maqsadlardan kelib chiqqan holda mamlakatimizda islohotlarni amalga oshirish, shuningdek, ta’lim, fan, innovatsiyalar va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish vazifalarini manzilli hal etish jarayonida parlament samaradorligini va mahalliy hokimiyat organlari faolligini ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy qilishga doir takliflar va tavsiyalar ishlab chiqish nazarda tutilgan.