So‘x tumani aholisiga yangi uy-joy qurishlari uchun ipoteka kreditlari ajratiladi

“2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash, aholini ijtimoiy himoyalash maqsadida:
- 2020 yilda jismoniy shaxslar yer solig‘i va mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi;
- 2020 yil 1 avgustdan 2021 yil 31 iyulga qadar:
- yakka tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i amaldagi qat’iy belgilangan soliq stavkasining 50 foizi miqdorida belgilanadi;
- alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini olish uchun yig‘im to‘lashdan ozod qilinadi.
Tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kredit foiz stavkasining 10 foizli punktidan yuqori bo‘lgan qismi, biroq Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdori kompensatsiya qilinadi.
Qarorga ko‘ra, So‘x tumani aholisiga yangi uy-joy qurishlari uchun ipoteka kreditlari ajratiladi.
So‘x tumanida joylashgan tibbiyot muassasalari shifokorlarining lavozim maoshlariga sohadagi ish stajining birinchi 3 yili uchun tarif stavkasiga nisbatan 40 % va har bir keyingi 2 yil uchun tarif stavkasiga nisbatan 15 % miqdorda, ustamaning eng ko‘p miqdori 100 % o‘rnatiladi.
Shuningdek, So‘x tumanida samolyot va vertolyotlar uchun uchish-qo‘nish maydonchalari tashkil etiladi.
So‘x tumani aholisi uchun Farg‘ona viloyatining Yozyovon, Qo‘shtepa, Bag‘dod, Rishton va Buvayda tumanlari hududida dehqonchilik qilish uchun ekin yer maydoni va ipoteka kreditlari asosida kvartiralar ajratiladi.