O‘zbekistonda BAAga ishlash istagida bo‘lganlarni tayyorlovchi markaz ochilishi rejalashtirilmoqda
- 4.11.2020 15:19
- 189

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi va ushbu davlatning «Manazel Recruitment» (TAD-BEER) kompaniyasi vakillari o‘rtasida videokonferensaloqa tarzida uchrashuv tashkil etildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov «Manazel Recruitment» kompaniyasi bosh direktori Toriq al-Shamsi va boshqalar ishtirok etgan uchrashuvda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi kollejlarda o‘quv kurslarini tashkil etish, O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda BAAga ishga joylashtirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda mamlakatimizda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Toriq al-Shamsi «Manazel Recruitment» kompaniyasi so‘nggi 5 yil davomida BAAning mehnat bozorida rekruting faoliyati bilan shug‘ullanib kelishi, mehnat migratsiyasi sohasida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlik qilishga tayyorligi, shuningdek, «TAD-BEER» markazi filialini O‘zbekistonda ochishini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, «TAD-BEER» markazi BAAning Inson resurslari va amirizatsiya vazirligi (MoHRE) tomonidan litsenziyalanadi va uy xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha xorijiy ishchilarni jalb qilish, yollash va vizalarni rasmiylashtirish bo‘yicha keng qamrovli xizmatlarni amalga oshiradi.
«TAD-BEER» markazlari BAAning ko‘plab hududlarida joylashgan bo‘lib, hukumat qonunlari va me’yorlariga muvofiq, “MoHRE” tomonidan nazorat qilinadigan milliy va chet ellik oilalarga xizmat qiladi. Chet ellik ishchilarning mehnat huquqlari va shartlariga rioya qilinishi, shu jumladan, dam olish kuni, yillik ta’til, me’yorlashtirilgan ish vaqti, uy va ovqat bilan ta’minlanishini nazorat qiladi.
Ta’kidlash joiz, «Manazel Recruitment» kompaniyasi filialining O‘zbekistonda ochilishi BAAda ishlash istagidagi fuqarolarni kasb va til o‘rganishiga yordam beradi, Amirlik tomoni esa BAAda nomzodlar uchun arab tili kurslarini tashkil qiladi.
Tomonlar «Manazel Recruitment» kompaniyasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida hamkorlikning barcha jihatlarini qamrab oluvchi umumiy bitimni ishlab chiqish bo‘yicha kelishib oldi.