OTMlarga qabul parametrlari tasdiqlandi
- 13.06.2020 21:57
- 1.1K

“2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda:
- abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish joriy yilning 20 iyunidan 20 iyuliga qadar (20 iyul kuni ham) bo‘lgan muddatda amalga oshiriladi;
- kirish test sinovlari abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan o‘tkaziladi;
- abituriyentlar fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil bo‘lgan 5 tagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etishi mumkin.
2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab:
- Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ajratiladi;
- magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga kirish, shuningdek, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash uchun hujjatlarni topshirish jarayoni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.
Qarorga muvofiq, davlat buyurtmasi parametrlari:
bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:
- kunduzgi ta’lim shakliga – 103 575 nafar;
- sirtqi ta’lim shakliga – 31 350 nafar;
- kechki ta’lim shakliga – 5 025 nafar etib;
- magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 10 425 nafar etib tasdiqlandi.