Mehmonxonalar ayrim talablar asosida xizmat ko‘rsatishiga ruxsat berildi
- 7.05.2020 10:34
- 189

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan mehmonxonalar uchun o‘z xizmatlarini tashkil etishda pandemiya sharoitidan kelib chiquvchi qo‘shimcha talablar belgilandi.
Unga ko‘ra:
- mehmonxonalarda qabulxona, kutish zallari, yo‘laklar, zinalar, lift, sanitar-gigiyenik nuqtalari har 8 soatda hamda umumiy foydalanishdagi buyumlar (eshik tutqichi, lift tugmalari, kutish zalidagi stol, ro‘yxatga olish joyi stoykasi va undagi ruchkalar) har 2 soatda kamida 1 marotaba dezinfeksiya qilinishi;
- umumiy foydalanishdagi ob’yektlar (lift, sanitariya-gigiyena nuqtalari, valyuta ayriboshlash shahobchalari, ovqatlanish joylari va boshqalar) antiseptik vositalari bilan uzluksiz ta’minlashi hamda qo‘lni davriy tozalab turish bo‘yicha o‘zbek, rus va ingliz tillarida yozilgan ogohlantiruvchi yozuvlar bo‘lishi;
- binoning kirish qismida tashrif buyuruvchilarning tana haroratini doimiy o‘lchashni va dezinfeksiyalashni yo‘lga qo‘yilishi;
- xodimlar va mijozlarning sonidan kelib chiqib shaxsiy himoya vositalarining (niqob, qo‘lqop, antiseptik vosita va boshqalar) kamida besh kunlik zahirasi shakllantirilishi va doimiy mavjud bo‘lishi;
- mehmonxonaning bandlik darajasi 50 foizdan oshgan taqdirda tibbiyot xodimining doimiy faoliyati ta’minlanishi;
- mehmonlarni nomerlarga joylashtirishda oilaviy mehmonlar soni 3 nafardan, boshqa mehmonlar soni 2 nafardan oshmasligi lozimligi belgilandi.
Mazkur talablar nomerlari soni 10 tadan ko‘p bo‘lgan mehmonxonalarga nisbatan tatbiq etiladi.
Pandemiya sharoitida xostellar va mehmon uylari faoliyatiga ruxsat berilmaydi.