Byudjet tashkilotlari xodimlariga ayrim to‘lovlar hisoblanishi to‘xtatib turiladi
- 17.04.2020 10:05
- 543

“2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash va xarajatlarini maqbullashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, byudjet tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarga 2020 yilning 16 aprelidan 1 oktyabriga qadar moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi hamda direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lovlar hisoblanishi to‘xtatib turiladi (tibbiyot, tibbiy-ijtimoiy muassasalari, mehribonlik uylaridan hamda mehnatga haq to‘lashning 1-3 razrayadlari qo‘llaniladigan xodimlardan tashqari).
Shuningdek, byudjet tashkilotlarida:
- asosiy vositalarni xarid qilish va kapital ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlar joriy yilning 1 iyuliga qadar to‘xtatiladi va ushbu maqsadlar uchun II chorakda rejalashtirilgan mablag‘lar qisqartiriladi yoki 2020 yilning ikkinchi yarim yilligiga o‘tkaziladi;
- kommunal xizmatlar, oziq-ovqat, qog‘oz va boshqa kanselyariya tovarlari xarid qilish, tadbirlar o‘tkazish, joriy ta’mirlash va boshqa xarajatlar qisqartiriladi.
Qaror bilan respublika va mahalliy byudjetlardan maqbullashtiriladigan xarajatlar tasdiqlandi.