Aholi va tadbirkorlarga bir qator imtiyozlar beriladi
- 21.07.2020 11:00
- 307

20 iyul kuni “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub’yektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2020 yil 1 iyuldan 2020 yil 31 dekabrga qadar:
- umumiy ovqatlanish korxonalari va binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod etiladi;
- jismoniy shaxslar ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi;
- mol-mulkini (binolar va avtomobil transporti) ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarga soliq maqsadida ijara to‘lovlarining eng kam stavkalarini qo‘llash tartibi to‘xtatib turiladi;
- ijaraga beruvchilarga 2020 yil uchun ijara to‘lovi miqdorini pasaytirish maqsadida, shu jumladan taqdim etilayotgan soliq imtiyozlarini inobatga olgan holda ijara to‘lovini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.
2020 yil 1 apreldan 2020 yil 31 dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imni to‘lashdan ozod qilinadi.
Prezidentning 2020 yil 19 martdagi PF–5969-son Farmonida belgilangan alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdorini 5 foizdan 3 foizga pasaytirishga doir imtiyoz muddati 2020 yil 31 dekabrga qadar uzaytiriladi.
Umumiy ovqatlanish korxonalariga alkogol mahsulotlarini yetkazib berish orqali sotish huquqi beriladi.